Dardga qarshi vaksina nega kerak?
O‘zbekistonda odam papillomasi virusiga qarshi emlashga start berildi.
O‘zbekistonda odam papillomasi virusiga qarshi emlashga start berildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida xabar berildi.
311 ming ayolni hayotdan olib ketayotgan dard
Bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda birgina 2018 yilda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 ming yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 ming nafardan ortiq ayol vafot etadi.
Dunyoda bo‘lgani kabi, mamlakatimizda ham ushbu xastalik ayollar o‘rtasida tarqalishi bo‘yicha ko‘krak bezi saratonidan keyin va kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha ham tug‘ish yoshidagi ayollar orasida ikkinchi o‘rinda turadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yurtimizda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda.
12 ta infeksiyaga qarshi emlanamiz
Milliy emlash taqvimiga ko‘ra, mamlakatimizda bolalar davlat budjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi emlanadi. Endilikda OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik – bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi.
Hozir yurtimizdagi barcha 9 yoshli o‘smir qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanmoqda. Mazkur vaksinaning narxi ancha qimmatligi sabab, aksariyat davlatlarda u pulli asosda bajariladi. Mamlakatimizda esa, o‘smir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi. Natijada kelajakda har yili 1100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha esa 600 ga yaqin o‘lim holatining kamayishiga erishiladi.
96 ta davlatda mavjud vaksina
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti odam papillomasi virusiga qarshi vaksinani barcha immunizatsiya dasturlariga kiritishni tavsiya etadi. Bugungi kunda jahonning 96 davlati uni o‘z milliy emlash taqvimiga kiritgan. Ularning orasida Buyuk Britaniya, Daniya, Shvesiya, Finlyandiya kabi qator Yevropa davlatlari, AQSh, Kanada, Avstraliya va Lotin Amerika mamlakatlari ham bor. 2006 yildan boshlab shu kungacha butun dunyoda 100 million nafardan ortiq odam ushbu vaksina bilan emlangan. Mazkur vaksina nafaqat saratondan himoyalash, balki reproduktiv a’zolar salomatligini ham yanada mustahkamlash xususiyatiga ega.
OPV – dunyo bo‘ylab juda keng tarqalgan virus. Uning 100 dan ortiq turi bo‘lsa, 14 ta ko‘rinishi onkogen xarakterga ega. Mazkur virus asosan jinsiy yo‘l bilan yuqadi.
Saratondan himoyalanishga kafolat ortdi
Bachadon bo‘yni saratoni ayollarning ko‘p tarqalagan onkologik kasalliklari orasida yetakchilik qiladi. Barvaqt aniqlansa, to‘liq davo topishga kafolat bor (80 foiz). Afsuski, ko‘p hollarda kech bosqichlarda aniqlanadi. Immuniteti yaxshi bo‘lgan ayolda bachadon bo‘yni saratoni 15-20 yil davomida rivojlanadi. Immuniteti past bemor uchun 5-10 yil kifoya. Infeksion xastaliklar (genital gerpes, xlamidioz, gonoreya) bachadon bo‘yni saratoni yuzaga chiqishini kuchaytirib yuboradi.
OPVga qarshi profilaktik emlash 9 yoshdan e’tiboran amalga oshiriladi. 14 yoshga qadar vaksinani olishga ulgurish kerak. Bu jiddiy xastalikka qarshi kurashishning samarali va xavfsiz yo‘lidir.
Ayrim mamlakatlarda ushbu vaksina o‘g‘il bolalarga nisbatan ham qo‘llaniladi. Chunki u erkak jinsiy organlari saratonidan ham himoyalaydi. Bundan tashqari, odam papillomasi virusi jinsiy yo‘l bilan yuqish nuqtai nazaridan ayollar bilan bir qatorda erkaklarga ham xavf soladi. Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xulosasi va tavsiyasiga asosan vaksina 9-14 yoshli qizlarga mo‘ljallangan.
30 yoshdan so‘ng ayollarda bachadon bo‘yni saratonidan himoyalanish maqsadida bachadon bo‘yni skriningi tekshiruvi qo‘llaniladi. Bu barcha ayollar uchun teng tavsiyadir. Chunki u orqali bachadon bo‘yni saratonidan erta voqif bo‘lish va mufassal davoga erishish mumkin. OIV bilan zararlangan ayollarga 30 yoshdan ham ertaroq, to‘g‘rirog‘i, OIV aniqlanishi bilanoq bachadon bo‘yni skriningini amalga oshirgan ma’qul.
Papilloma virusi bilan faqat jinsiy yo‘l emas, maishiy yo‘l, ya’ni jamoat joylaridagi hojatxona, hammom, basseyn, sport zallarida, shuningdek, erkaklar soqol olish, ayollar epilyatsiya qildirish payti zararlanib qolishi ham mumkin.
Bachadon bo‘yni saratoni tashxisi gistologik tekshiruvlar natijasiga muvofiq qo‘yiladi. Shish hajmi va boshqa a’zolarga tarqalganlik holatiga ko‘ra kasallik darajasi belgilanadi. Shundan kelib chiqib, davo chorasi belgilanadi. Bu nurli terapiya, kimyoterapiya yoki jarrohlik amaliyoti bo‘lishi mumkin.
Durdona ALIMOVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Matbuot xizmati mas’ul xodimi.