Daraxtlarga zarar yetkazganlar jarimaga tortildi
Prezidentimizning 2023 yil 31 maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi, xususan, “Daraxtga nafas bering!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida Andijon viloyati prokuraturasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamkorligida viloyat hududidagi 150 yaqin daraxtning ildiz tizimlari beton va asfalt qoplamalaridan tozalandi, shuningdek, daraxtlarning yuqori qismlariga o‘rnatilgan turli chiroq moslamalari, reklama bannerlari olib tashlandi.
Bugungi kunga kelib tabiatni asrab-avaylash, ekologik musaffolikni ta’minlash, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish muhim masalalardan biriga aylangan. Ana shundan kelib chiqib, amalga oshirilayotgan yuqoridagi kabi ishlar bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarmoqda.
“Daraxtga nafas bering” ommaviy tadbirlari davomida 10 holatda daraxt va butalarni shikastlantirish yoki qurib qolish darajasigacha zarar yetkazish bo‘yicha qonun buzilishi holatlari aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan 17 million 100 ming so‘m, bundan tashqari tabiatgan yetkazilgan zarar uchun 9 million 450 ming so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.
“Daraxtga nafas bering” deb nomlangan bu kabi ommaviy tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA