Daraxt eking, olamni yashillikka burkang
Yurtimizda bahor. Bu faslda barcha hududlarda ko‘chat ekish ishlari avj oladi. Xususan, joylarda “Yashil makon” milliy loyihasini amalga oshirishning bahorgi mavsumi ham boshlab yuborilgan.
Ko‘chatning navi, turiga qarab, uni ekish muddatlari belgilanadi. Urug‘lik ko‘chatlarni bahor va kuz faslida ham ekish mumkin. Danakli ko‘chatlarni esa bahorda ekish maqsadga muvofiq. Bog‘ barpo etish uchun avvalo, yaxshi yer maydoni tanlab olinadi. Yerning holatidan kelib chiqib, qanday ko‘chat ekish kerakligi hal etiladi.
Ammo ayrim hududlarda ekilgan daraxtlarning qurib qolish holatlari ko‘p uchraydi. Nihollar ekilgandan keyin nima sababdan qurib qoladi?
Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘chat ekishning ham o‘z texnologiyasi bor. Mevali nihollarning qurib qolishi bog‘dorchilikda uchraydigan muhim muammolardan biridir. Buning asosiy sabablari orasida noto‘g‘ri sug‘orish, sifatsiz ko‘chatlar, ekish joyining mos emasligi, iqlim sharoitlariga moslashishdagi qiyinchiliklar hamda kasallik va zararkunandalarning ta’siri bor.
Nihollarning qurib qolishi, ayniqsa, sug‘orish tizimi yo‘q yoki noto‘g‘ri tashkil etilgan hududlarda ko‘proq kuzatiladi. Sug‘orish yetarli bo‘lmasa, tuproq quruq bo‘lib, ko‘chat ildizlari yetarlicha ozuqa ololmaydi. Buning oldini olish uchun tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalanish va tuproq namligini doimiy nazorat qilish zarur.
Ko‘chatlarning sifatsizligi va ildiz tizimining shikastlanishi ham muhim omil bo‘lib, ular qazish, tashish va ekish jarayonida noto‘g‘ri saqlansa, ildizlari sovuq, shamol va quyosh nuri ta’sirida zararlanib, o‘sishdan to‘xtashi mumkin. Shu bois, ko‘chatlarning ildiz qismini nam holatda saqlash tavsiya etiladi.
Iqlim sharoiti ham nihollarning moslashish jarayoniga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Issiq va quruq ob-havoda tuproq namligini saqlash uchun mulchalash ishlari olib borilishi, sovuq tushish xavfi bo‘lsa, ko‘chatlar yopiq holda saqlanishi kerak. Kasalliklar va zararkunandalar ham niholning qurib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA