Daraxt ekib, bog‘ yaratish xayrlidir
Mana bir necha yildirki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Natijada daraxt va buta ko‘chatlari ekish, bog‘lar barpo etish, yashil maydonlarni kengaytirish, sanoat hududlarini ihotazorlashtirish respublikamizda ommaviy harakatga aylandi.
Navoiy viloyatida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Har bir fuqaro uchun – bir daraxt” tamoyili asosida joriy yilning bahorgi ko‘chat ekish mavsumida 8 million 842 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilishi belgilangan bo‘lsa, amalda qariyb 9 million 235 ming dona ko‘chat ekildi. Eng muhimi, ushbu ko‘chatlarning 1 million 533 ming donadan ziyodrog‘i mahallalar va aholi tomorqalariga, qariyb 120 ming donasi maktabgacha va maktab ta’limi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar muassasalari hamda ularga tutash hududlarga ekildi.

Bundan tashqari, ko‘chatlar umumfoydalanish avtomobil yo‘llari, tuman-shahar ichki yo‘llari va yo‘l yoqasiga, o‘rmon fondi yerlariga, fermer xo‘jaliklari dala chetlariga, ijtimoiy soha ob’ektlari, korxona va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari hududlariga, obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli hududlar hamda boshqa maydonlarga ekildi. Ko‘chatlar narxining asossiz oshib ketmasligi uchun joylarda ko‘chat yarmarkalari va savdo nuqtalari tashkil etildi.

Shu bilan birga viloyatdagi 77 ta sanoat korxonalari, “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi tomonidan “Yashil belbog‘”lar barpo etildi.
2025 yil 15 martdan boshlab tuman va shaharlarning aholi punktlari yoki ularga tutash bo‘lgan hududlaridan “Mening bog‘im” loyihasi doirasida “yashil bog‘” va “yashil jamoat parki”ni barpo etish uchun 1 gektargacha yer maydonlari “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirildi.

Bugungi kunda viloyatning barcha hududlarida ekilgan ko‘chatlar sug‘orilib, parvarishlanmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri