Dalilga asoslangan ijtimoiy himoya tizimi shakllanmoqda
Ijtimoiy himoya tizimini tubdan yangilashga qaratilgan "INSON" loyihasi orqali fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi xizmatlar, boshqaruv modellari va institutsional mexanizmlar joriy etilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi faoliyat yuritib, loyiha doirasidagi tashabbuslarni tahlil va monitoring qilmoqda.
"INSON" loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ko‘plab dasturlar innovatsion xususiyatga ega. Yangi yondashuvlar esa o‘z-o‘zidan yuqori samara beradi, deb hisoblash yetarli emas. Shu bois ularning ta’sirini aniq o‘lchash va tahlil qilish dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Ilmiy baholash islohotlarni bosqichma-bosqich va mas’uliyat bilan kengaytirish, eng samarali yechimlarni aniqlab, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish, xavf va kamchiliklarni erta bosqichda aniqlash, davlat siyosatini dalillarga asoslangan holda shakllantirish kabi imkoniyatlarni beradi.
Bu jarayonda tasodifiy nazorat sinovlari (RCT) metodologiyasi muhim o‘rin tutadi. U muayyan dastur natijasida yuzaga kelgan o‘zgarishlarni boshqa omillardan ajratib, aniq baholash imkonini beradi.
Ilmiy baholashni yuqori standartlar asosida amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. Xususan, J-PAL Europe bilan strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Bu markaz Abhijit Banerjee va Esther Duflo tomonidan asos solingan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — ijtimoiy siyosatni ilmiy dalillarga tayangan holda shakllantirish orqali kambag‘allikni kamaytirishdir.
Markaz ishtirokida baholangan dasturlar bugungi kunga qadar dunyo bo‘ylab 850 million nafardan ortiq insonni qamrab olgan.
Hamkorlik doirasida "INSON" loyihasida ishtirok etuvchi barcha asosiy tuzilmalar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, 28 ta ehtimoliy intervensiya tahlil uchun dastlabki ro‘yxatga kiritildi, Jahon banki va J-PAL bilan birgalikda 8 ta ustuvor dasturni ilmiy baholash rejalashtirildi.
Mazkur hamkorlik nafaqat milliy islohotlarni samarali amalga oshirish, balki institutsional o‘rganish va tajriba almashish uchun ham muhimdir.
Shu tariqa, O‘zbekiston nafaqat o‘z ijtimoiy himoya tizimini modernizatsiya qilayotgan davlat sifatida, balki zamonaviy ijtimoiy siyosat samaradorligi bo‘yicha global bilimlar yaratayotgan mamlakat sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA