“Daftar hoshiyasidagi bitiklar” tojik tilida nashr etiladi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan “Jamiyatda inson huquqlari va muloqot madaniyatini yuksaltirishda NNTlar faolligini oshirish” hamda “Turizm va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, mahalla va oilalarda sog‘lom turmush tarzini va aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashda jamoatchilikni keng jalb qilish” mavzusidagi davlat granti ikkinchi va uchinchi tanlovlari g‘oliblari aniqlandi.
Ikkinchi tanlovda 6 ta, uchinchi tanlov bo‘yicha 4 ta g‘olib aniqlanib, ularning har biriga 30 million so‘mdan grant ajratishga qaror qilindi.
Jumladan, Karlar jamiyati Samarqand viloyati bo‘limi “Hayot yo‘llarida inson matonati” loyihasi bilan, Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi Samarqand viloyat bo‘limi “Yoshlar va oilalar o‘rtasida muloqot va internet tarmog‘idan samarali foydalanish madaniyatini targ‘ib qilish” loyihasi bilan, Urgut tumanidagi “Ipakli” mahalla fuqarolar yig‘ini mahalladagi “Ipak ota” ziyoratgohini obod qilish orqali turizm qishlog‘ini tashkil etishga oid loyihasi uchun g‘oliblar qatorida e’tirof etildi.
– Bu yil yurtimizda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning 80 yilligi keng nishonlanmoqda, – deydi Samarqand viloyati tojik va tojikzabon milliy madaniy markazi rahbari A.Mahmudov. – Buyuk yozuvchimiz ijodiy merosidan yosh avlodni bahramand etish maqsadida “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobini tojik tilida (“Qaydho dar xoshiyaxoi daftar”) tarjima qilib, chop etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqib, tanlovda qatnashdik. Tashabbusimiz qo‘llab-quvvatlanib, grant ajratilganidan xursandmiz.
Shuningdek, tanlovda Samarqand viloyatining chekka hududlarida yoshlarning sport bilan shug‘ullanishga jalb qilishga ko‘maklashish uchun viloyat yengil atletika federatsiyasiga, “Mahalla – aholiga tayanch va suyanch” loyihasi uchun Narpay tuman "Farovon" mahalla fuqarolar yig‘iniga, qishloqlardagi nogironligi bor xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlik, hunarmandchilikka jalb qilish orqali aholi bandligini ta’minlash loyihasi uchun Nogiron ayollar uyushmasi Pastdarg‘om tuman bo‘limiga ham 30 million so‘mdan grant mablag‘i ajratiladigan bo‘ldi.
G‘.HASANOV, O‘zA