Computex’da kelajak namoyish etildi
Tayvanda o‘tgan “Computex 2026” texnologik ko‘rgazmasi bu yil nafaqat sun’iy intellekt, balki robototexnika va harbiy texnologiyalardagi so‘nggi yutuqlar bilan ham e’tibor markazida bo‘ldi.
Tadbirda kundalik hayotni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan o‘nlab innovatsion ishlanmalar namoyish etildi. Ular orasida kofe tayyorlaydigan robotlardan tortib, jangovar dronlar va o‘z-o‘zidan harakatlanadigan shaxmat donalarigacha bor.

Ko‘rgazmaning eng qiziq eksponatlaridan biri “Ella” nomli robot-barista bo‘ldi. U mijozlar bilan muloqot qilishi, buyurtmalarni qabul qilishi va kofe tayyorlashi mumkin. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, tizim bir vaqtning o‘zida bir nechta sun’iy intellekt agentlari orqali boshqariladi.
“Foxconn” kompaniyasi esa sanoat va tibbiyot uchun mo‘ljallangan robotlarini taqdim qildi. Ulardan biri bir qo‘li bilan parmalash, ikkinchisi bilan esa buyumlarni ko‘tarish imkoniyatiga ega. Yana bir robot jarrohlik amaliyoti vaqtida shifokorga kerakli asboblarni uzatib turish vazifasini bajaradi.
Ko‘rgazmada mudofaa texnologiyalari ham alohida o‘rin egalladi. “Nvidia” chiplari bilan jihozlangan dronlar va uchuvchisiz suv usti apparatlari namoyish qilindi. Shuningdek, Tayvan milliy mudofaa tadqiqot instituti sun’iy intellekt yordamida harakatlanuvchi robot-itlarni ham ko‘rsatdi.

Til to‘siqlarini yo‘qotishga qaratilgan yangi qurilmalar ham mehmonlar qiziqishini uyg‘otdi. “Transbuds” kompaniyasi ishlab chiqqan maxsus quloqchinlar suhbatlarni real vaqt rejimida tarjima qilish imkoniyatini beradi. Texnologiya hatto ovozni boshqa tilda taqlid qilish xususiyatiga ham ega.
Ko‘rgazmada g‘ayrioddiy dizaynli kompyuter korpuslari va elektron shaxmat to‘plamlari ham namoyish etildi. Xususan, sun’iy intellekt yordamida donalari mustaqil harakatlanadigan shaxmat stoli ko‘pchilik e’tiborini tortdi. Mutaxassislar fikricha, taqdim etilgan texnologiyalar kelgusi yillarda kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA