“Chuya” – tog‘ bag‘ridagi turizm mahallasi
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Nurota tumanida joylashgan Chuya turizm mahallasi bugungi kunda ekologik, agroturizm va etnoturizm yo‘nalishlarida jadal rivojlanayotgan hududlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Nurota tog‘lari bag‘rida, betakror tabiat qo‘ynida joylashgan ushbu mahalla musaffo havosi, sokin muhiti, milliy qadriyatlarga boy turmush tarzi va mehmondo‘st aholisi bilan mahalliy hamda xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda.
Hududning turizm salohiyati, mavjud infratuzilmasi va xizmatlar ko‘lami kengayib borayotgani inobatga olinib, 2025-yilda Chuya mahallasiga rasman “Turizm mahallasi” maqomi berildi. Bu esa hududda turizmni yanada rivojlantirish, investitsiya loyihalarini jalb qilish va xizmatlar sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida mahallaning turistik jozibadorligi yanada ortib, bugungi kunda bu yerga yiliga o‘rtacha 5 ming nafar xorijiy va 120 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurmoqda.
Ayni paytda mahallada 40 dan ortiq mehmon uylari va dam olish maskanlari faoliyat yuritmoqda. Turistlarga milliy va zamonaviy uslubda xizmat ko‘rsatuvchi ushbu maskanlarda barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, noan’anaviy yog‘och uylar, zamonaviy glemping ob’ektlari hamda tog‘ manzaralari uzra tashkil etilgan dor yo‘li sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
[gallery-29489]
Chuya turizm mahallasida jami 15 turdagi turistik xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Ular orasida gilam to‘qish, milliy hunarmandchilik namoyishlari, echki sutidan tayyorlangan sut mahsulotlari va qurt ishlab chiqarish jarayonlari, milliy taomlar tayyorlash bo‘yicha gastroxonadonlar, ekskursiya xizmatlari, otda sayr, agroturizm, sigir va echki sog‘ish jarayonlari, non yopish bo‘yicha master-klasslar hamda milliy kuy-qo‘shiq kechalari alohida o‘rin tutadi.
Mahallaning asosiy ustunliklaridan biri — uning boy tabiati va ekologik muhitidir. Nurota tog‘lari, adirliklar, buloqlar va tabiiy manzaralar ekoturizmni rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Shuningdek, mahalliy aholining milliy urf-odatlari, hunarmandchilik an’analari va gastronomik madaniyati turistlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Hozirda mahallada turizm infratuzilmasini yanada takomillashtirish, yangi dam olish maskanlarini tashkil etish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilyapti. Bu esa Chuya mahallasining ichki va tashqi turizm bozorida raqobatbardosh turistik manzil sifatida rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA