“Chust Textile” mahsulotlari Yevropaga eksport qilinmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Chust tumanidagi “Chust Textile” to‘qimachilik va tikuvchilik korxonasi angar uslubidagi me’moriy loyiha asosida qurib, ishga tushirilgan.
Ikki mingta ish o‘rni yaratilgan korxonada asosan, Chust va atrof tumanlar yoshlari, xotin-qizlar kasb o‘rganib ishlamoqda.
Korxonaga mustahkam, ammo eng nozik iplardan trikotaj matolar to‘qiydigan uskunalar Yevropadan keltirilgan. Matoning sifatini ko‘zdan kechiradigan kompyuter boshqaruvi va nazoratidagi jarayon Yevropa me’yorlariga asoslangan. Trikotaj matoni oqlash, keyinchalik rang berish, ya’ni bo‘yash Yevropaning so‘nggi rusum texnologiyasi va jihozlarida amalga oshirilmoqda. Bu yerdagi laboratoriya mayin matodagi har bir tolani optik tekshiruvdan o‘tkazadi va rang ularga bir tekis singdirilishini ko‘rikdan o‘tkazadi.
[gallery-10445]
Tayyor mahsulot to‘lig‘icha Yevropaga eksport qilinmoqda. 2022 yilda eksport hajmi 20 million dollarga yetdi. Shuningdek, Amerika va Kanadada ham Chustda to‘qib tikilgan trikotaj mahsulotlari sotilmoqda.
12 gektar maydonni egallagan hududdagi o‘ndan ortiq bo‘linmalarning barchasi bir xil – angar, ya’ni egiluvchan yoysimon rux tunukadan bunyod etilgan. Bunda birinchidan qurilish muddati 4 martagacha qisqargan, tannarxida esa 6 million dollar tejab qolingan. E’tiborlisi, Markaziy Osiyoda bu kabi sanoat inshooti hozircha boshqa yo‘q. Tadbirkor Dilshod Ismatullayevga aynan shu loyihasi uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator” faxriy unvoni berilgan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA