Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasiga press-tur
Xalqaro qo‘riqxonalar va milliy bog‘lar kuni munosabati bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda vazirlikning Toshkent viloyati boshqarmasi bilan birgalikda Parkent tumanida joylashgan Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasiga press- tur tashkil etildi.
Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi 1947 yilda tashkil etilgan. 1993 yil 15 fevraldagi xalqaro YUNESKO tashkiloti qaroriga muvofiq qo‘riqxonaga "Biosfera qo‘riqxonasi" maqomi berilgan. U xalqaro biosfera qo‘riqxonalari tizimining bir qismi deb tan olingan va atrof-muhitga inson ta’sirining natijalarini o‘lchash mumkin bo‘lgan etalon hisoblanadi.


2021 yilda esa bu yerda maxsus tashrif markazi faoliyat boshlagan. Maqsad yoshlarning ekologik bilimi, madaniyatini oshirishdir. Buning uchun mazkur tashrif markazi BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik jamg‘arma bilan hamkorlikda “Biologik xilma-xillikning global turlari uchun muhim bo‘lgan asosiy tog‘ hududlarida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va o‘rmonlarni boshqarish” loyihasi doirasida qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.


Binoning foyesida Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi va Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervati qo‘riqxona hududining maketi joylashgan. Aytish o‘rinliki, bu uchastkalar YUNESKOning Butunjahon merosi maqomiga ega bo‘lib, Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiritilgan.
Tashrif markazining ikkinchi zali eng noyob va kam o‘rganilgan hayvonot turi – qor qoploniga oid daliliy materiallar bilan boyitilgan. Qor qoplonining mulyaji, biologik xususiyatlari hamda xatti-harakatlari tavsiflangan stend mavjud. Mehmonlar bu jonivorning tarqalishi xaritasi hamda ushbu tur populyatsiyasining qisqarishiga ta’sir ko‘rsatadigan omillar bilan yaqindan tanishishi mumkin.


Keyingi zalga olib boruvchi dahlizda qo‘riqxona chegaralarining oynavand chizmasi va ushbu hududda yashaydigan turli hayvonlarning panja izlari qo‘yilgan. Shuningdek, bu yerda qo‘riqxona haqida qo‘shimcha axborot olish imkonini beruvchi QR-kodli virtual flayer ham joylashtirilgan.
Press-turda mutaxassislar jurnalistlarga qo‘riqxonaning hozirgi kundagi mavjud hududi va olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Qo‘riqxona Toshkent viloyatining Bo‘stonliq va Parkent tumani hududlarida joylashgan bo‘lib, janubiy-sharqda Namangan viloyati bilan chegaradosh.
Shu bilan birga, hudud G‘arbiy Tyan-Shan tizmasiga mansub bo‘lgan Chotqol tog‘ tizmasining dengiz sathidan 1100-3890 metr balandlikdagi joylarni o‘z ichiga oladi. Uning butun hududi yagona massiv sifatida sharqdan g‘arbga 37 kilometr, shimoldan janubga 90 kilometrga cho‘zilgan.
Qo‘riqxonaning eng baland nuqtasi dengiz sathidan 3888,2 metr balandlikda joylashgan Kichkina piyozli cho‘qqisidir. Qo‘riqxona hududi aholi yashash manzilgohlaridan ancha olis (45-50 kilometr) masofada joylashgan bo‘lib, borish qiyin bo‘lgan hududlardan hisoblanadi. U yerga faqat otda yoki piyoda yetib borish mumkin.
Mutaxassislar bu joylarda O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi"ga kiritilgan noyob o‘simliklarning 26 turi uchrashini aniqlagan. Shuningdek, hayvonot olamining 1 ming 300 ga yaqin umurtqali hamda umurtqasiz turlari yashaydi. Ayniqsa, umurtqalilarning 242 turi – shundan baliqlarning 6 turi, amfibiyalarning 2 turi, sudralib yuruvchilarning 14 turi, sut emizuvchilarning 36 turi va qushlarning 184 turi, umurtqasizlarning 1000 dan ortiq turini uchratish mumkin.
Qo‘riqxona ma’muriy binosida tashkil etilgan tabiat muzeyi barcha uchun doim ochiq. Unga xorij mamlakatlaridan ham mehmonlar tez-tez kelib turadi.
Tadbir davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri