Chorvachilik tarmog‘ini 2026-2028-yillarda rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, chorvachilik tarmog‘ida zamonaviy va samarali uslublar joriy etiladi, investitsiya loyihalari barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlanadi va kompleks xizmatlar ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Tarmoq korxonalariga har tomonlama yordam ko‘rsatiladi, ozuqa bazasi ko‘paytirilib, naslchilik yaxshilanadi. Jumladan, sun’iy urug‘lantirish yanada rivojlantiriladi.
Qarorda chorvachilik tarmog‘ini 2026-2028-yillarda rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Ular quyidagilardan iborat:
– qoramollar bosh sonini 16,5 milliontaga, qo‘y va echkilar bosh sonini 30 milliontaga, parrandalar bosh sonini 141 milliontaga yetkazish;
– chorvachilik (go‘sht va sut) mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash darajasini 50 foizga olib chiqish;
– nasldor qoramollar ulushini 90 foizga yetkazish orqali chorva mollari mahsuldorligini oshirish;
– qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida ozuqabop ekinlar maydonlarini 1,5 baravarga ko‘paytirish.
Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, yaylovlardan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha strategik rejalashtirish, muvofiqlashtirish, hududlar kesimida yo‘nalishlarni belgilash va chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishda biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, metodologik ta’minlash hamda monitoring qilishga mas’ul etib belgilandi.
Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Chorvachilik tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Qaror bilan:
– Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkiliy tuzilmasi hamda faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari;
– Chorvachilik tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini shakllantirish manbalari tasdiqlandi.
Mazkur qarorga muvofiq chorvachilikka ixtisoslashtirilgan tumanlar doirasida:
– qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida ozuqabop ekinlar ekishga ustuvorlik beriladi;
– 2027-yil hosilidan boshlab yer ijara shartnomasiga asosan qishloq xo‘jaligi tashkilotlaridagi paxta va boshoqli don joylashtirilishi nazarda tutilgan yer maydonlarining 50 foiziga ozuqabop ekinlarni joylashtirishga ruxsat etiladi, qolgan yer maydonlarida paxta va boshoqli don yetishtiriladi;
– Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan paxta va g‘allani yetishtirishni moliyalashtirish uchun belgilangan mablag‘lar miqdori kamaytirilmagan holda ozuqabop ekinlar yetishtirishni moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi.
Paxtachilik, g‘allachilik va (yoki) chorvachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarga ijaraga berilgan, jami maydoni 10 gektardan kam bo‘lmagan va yaxlit kontur maydoni 2 gektardan ko‘p bo‘lgan sug‘oriladigan yerlarning 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan qismidan ruxsat etilgan foydalanish turini ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga asosan chorva mollari va chorva uchun ozuqani saqlash va ko‘paytirish turiga o‘zgartirishga ruxsat beriladi. Bunda:
a) "O‘zdaverloyiha" DILI tomonidan ishlab chiqilib, tuman hokimi tomonidan tasdiqlanadigan ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasi ushbu yer uchastkasida kapital qurilish ob’ekti hisoblangan chorva mollari va chorva uchun ozuqani saqlash va ko‘paytirishga ixtisoslashgan bino va inshootlarni qurish uchun qurilishga ruxsat berishga doir hujjatlarni olish uchun murojaat qilish huquqini beradi;
b) ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasi tasdiqlangandan keyin bir oy davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari mazkur yer uchastkasining tegishli qismini sug‘oriladigan yerlar toifasidan chiqarish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga taklif kiritadi, ushbu yerlar keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan sug‘oriladigan yerlar toifasidan chiqariladi;
v) ruxsat etilgan foydalanish turi o‘zgartiriladigan yer uchastkasiga qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlar o‘n yil davomida har yili teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi;
g) ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasini tasdiqlash bilan bir paytda yer uchastkasi ijarasi shartnomasiga qo‘shimcha kiritiladi, unda yer uchastkasidan oqilona foydalanish shartlaridan biri sifatida bir sotix yer maydonida kamida shartli 3 bosh qoramolni muntazam ravishda saqlash va parvarishlash majburiyati qat’iy belgilanadi;
d) chorvachilik ob’ektidan yer uchastkasi ijara shartnomasining amal qilish muddatida foydalaniladi, ushbu muddat tugaganda va yer uchastkasi hokimlik zaxirasiga qaytarilganda yoki chorvachilik ob’ektidan belgilangan maqsadda foydalanilmaganda chorvachilik ob’ekti ular egasi tomonidan buzib tashlanadi va buning uchun kompensatsiya to‘lovlari to‘lanmaydi;
j) yer uchastkasi ijara shartnomasi bekor qilinganda yer uchastkasida chorvachilik ob’ekti mavjudligi shartnoma muddatini uzaytirishga asos hisoblanmaydi.
O‘zA