Chorvachilik tarmog‘ida zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda
Mamlakatimizda chorvachilik sohasini modernizatsiya qilish, fermer va tadbirkorlarning bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlik asosida tashkil etilayotgan o‘quv dasturlari soha vakillarining kasbiy salohiyatini mustahkamlash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va tarmoqning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Urganch shahrida Xorazm viloyatining barcha tumanlaridan kelgan fermer va tadbirkorlar uchun chorvachilik yo‘nalishidagi maxsus o‘quv seminar-treninglari boshlandi.
Qayd etilishicha, mazkur mashg‘ulotlar shu kunga qadar Jizzax, Sirdaryo, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlarida muvaffaqiyatli tashkil etilgan bo‘lib, endilikda Xorazm viloyatida davom ettirilmoqda.
Seminar-treninglar Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida amalga oshirilayotgan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi sohaga imtiyozli moliyaviy vositalarni jalb etish bilan birga, fermerlarga zamonaviy nazariy va amaliy bilimlarni yetkazish orqali chorvachilik tarmog‘ining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat.
Mashg‘ulotlar davomida malakali professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va soha mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga chorvachilikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va tavsiyalar berilmoqda.
Xususan, o‘quv dasturidan go‘sht va sut yo‘nalishidagi qoramollarni to‘g‘ri oziqlantirish, hayvonlarni saqlash va parvarishlash qoidalari, kasalliklar profilaktikasi va veterinariya gigiyenasi, sog‘ishning zamonaviy usullari hamda gigiyena talablariga rioya qilish, shuningdek, hayvonlarga birinchi yordam ko‘rsatish kabi mavzular o‘rin olgan.
Shuningdek, Xorazm viloyatining o‘ziga xos tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib, chorva mollarini samarali parvarishlash va mahsuldorlikni saqlab qolish usullariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
M.Hojiakbarova, O‘zA