Chorvachilik sohasida mutaxassislar tajriba almashdi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) bilan hamkorlikda “O‘zbekchorvanasl” agentligining hududiy “Chorvanasl” markazlari texnik-osseminatorlariga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
bugungi kunda mamlakatimizda Turkiya bilan chorvachilikning boshqa tarmoqlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator rejali loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ikki davlat o‘rtasida chorvachilik mahsulotlarining tovar aylanmasini ta’minlash va tadbirkorlik sub’ektlariga, shuningdek, investorlarga chorvachilik mahsulotlari savdosiga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida bir qator xalqaro veterinariya sertifikatlari loyihalari imzolangan.
Tadbirda qayd etiliishicha, chorvachilik sohasida naslchilik seleksiya ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida ikki davlat mutaxassislarining tajriba almashinuvlari, ozuqa ekinlari urug‘chiligini rivojlantirish, hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimining joriy etilishida ham bir qator samarali ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, dasturlar doirasida o‘tgan yil davomida Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida jami 160 nafardan ortiq texnik osemenatorlar malakasi oshirildi. Buning natijasida ushbu mutaxassislar tomonidan ikki yillik davr mobaynida aholi xonadonlarida parvarishlanib kelinayotgan 220 ming boshdan ortiq qoramollar sun’iy urug‘lantirilib, 180 ming bosh nasli yaxshilangan buzoqlar olinishiga erishildi.
Malakasi oshirilgan va sertifikatlarga ega bo‘lgan texnik osemenatorlar Turkiya davlatining mutaxassislaridan o‘rgangan bilim va amaliy ko‘nikmalarini boshqa mutaxassislarga “Ustoz-shogird” an’anasi asosida o‘rgatish maqsadida Qashqadaryo viloyatida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish o‘quv-amaliy markazi tashkil etildi.
Turkiya xalqaro chorvachilik ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassisi Darya Shaxinning ta’kidlashicha, Turkiyaning Xalqaro chorvachilik ilmiy - tadqiqot markazi mutaxassislari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon va Toshkent viloyatlarida o‘quv amaliy seminarlar o‘tkazilib, 150 nafardan ortiq texnik-osemenator mutaxassilarining malakasi oshirildi.
Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi tomonidan mamlakatimizdagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining texnik-osemenatorlariga 30 ta veterinariya UZI skaneri, 30 ta texnik osemenator sumkalari hamda 30 ta dyuar idishlarni grant sifatida berilishiga kelishildi.
Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi o‘rtasida baliqchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolanib, bugungi kunda baliqlarni intensiv usulda parvarishlash bo‘yicha mutaxassislar tashrifi kutilmoqda.
Bundan tashqari parrandachilikda oilaviy koperatsiyalarni tashkil etish va asalarichilikni rivojlantirish hamda ozuqa ekin urug‘chiligini shakllantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi yuzasidan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi bilan birkalikda muhokamalar olib borilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA