Chorvachilik sohasida istiqbolli loyihalar
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumaniga 2 milliard 500 million soʻmlik kredit mablagʻi hisobiga Germaniya davlatidan naslli qoramollar olib kelindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumaniga 2 milliard 500 million soʻmlik kredit mablagʻi hisobiga Germaniya davlatidan naslli qoramollar olib kelindi.
Yurtimizda sohani rivojlantirish, zotli chorva mollarini xarid qilish, ularni koʻpaytirish va bu orqali aholining arzon, sifatli goʻsht va sut mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashga keng yoʻl ochilgani chorvadorlarga qoʻl kelmoqda.
Ellikqalʼa tumanida Investitsiya dasturi doirasida chorvachilik tarmogʻini ravnaq toptirishga qaratilgan koʻplab istiqbolli loyihalar asosida qator chorvachilik komplekslari barpo etilmoqda. Bu loyihalar xalqimizni arzon, sifatli goʻsht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash bilan birga, aholini, ayniqsa, qishloq joylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini taʼminlash hamda daromadlarini koʻpaytirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Shuning uchun ham tumanda chorvachilikni yana-da rivojlantirish, chorva mollari naslini yaxshilash, goʻsht va sut ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tumandagi “Qirqqizobod” ovul fuqarolar yigʻini xududidagi “Chayka azamati” chorvachilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaligiga “Xalq banki”ning 2 milliard 500 million soʻm krediti hisobiga Germaniya davlatidan 92 bosh “Simmental” zotli naslli qoramol keltirildi. Ahamiyatlisi, kelgusida ulardan naslli chorva mollari olish orqali zotli qoramollar sonini koʻpaytirib, yangi ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilgan.
Tumanda sohada yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda chorvaning sonini oshirish, mahsuldorlik sifatini yaxshilash, naslchilik resurslarini yaratish va saqlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad, tuman aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish bilan cheklanib qolmasdan, yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlari eksportini yana-da oshirishdan iborat.