Chorvachilik: puxta tayyorgarlik o‘z samarasini beradi
Buxoro viloyatida 300 boshdan 500 boshgacha qoramoli bo‘lgan xo‘jaliklar soni 102 tani, 500 boshdan 1000 boshgacha qoramoli bo‘lgan xo‘jaliklar soni 25 tani, chorva mollari 1000 boshdan ko‘p bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar 3 tani tashkil etadi. Ularni qishdan betalafot olib chiqish maqsadida tizimda barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
– Har bir xo‘jalikdagi chorva mollari veterinariya hamda zootexnik mutaxassislar nazoratiga olingan, – deydi Buxoro viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nosir Rahmatov. – Joriy yilda chorvachilik tarmog‘ida qishlovni betalafot o‘tkazish maqsadida 1 million 600 tonna chorva ozuqasi jamg‘arildi. Bu ozuqa bilan chorva qishlovini 6 oy davomida oziqlantirish imkoniyatiga egamiz.
“Buxoro agroklaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli Qorovulbozor tumanidagi zamonaviy chorvachilik kompleksida qishlovning mas’uliyatli jarayonlariga jiddiy yondashildi. Darhaqiqat, ishchi guruh a’zolari bu yerda qishlovga juda katta tayyorgarlik ko‘rilganligi, chorvadorlar esa sergak va hushyor turib bu borada samarali ish olib borayotganligiga guvoh bo‘ldi.
– Bugungi kunda kompleksimizda 3 ming boshdan ziyod qoramol parvarishlanmoqda, – deydi “O‘zbekchorvanasl” bosh direktori o‘rinbosari Nargiza Amanbayeva. – 30 tonnaga yaqin kunlik sut sog‘ib olinyapti. Qishni betalafot o‘tkazish maqsadida belgilangan vazifalarni vaqtida bajardik. Birgina qishlov uchun mazkur chorvachilik kompleksida 17 ming tonnadan ziyod silos jamg‘arildi. Bundan tashqari, dag‘al xashak, kuchli ozuqani jamg‘arib, sigirlarimizga bir xil tipdagi oziqlantirish ishlarini uzviy davom etib kelyapmiz. Sababi bu o‘z navbatida mahsuldorlikka ta’sir qiladi. Qishni sovuq kuniga qaramasdan biz ana shu naslli qoramollarni qishki sovuqdan stress olmasligi uchun isitish choralarini ham ko‘rganmiz.
Kompleksda ishlab chiqilgan “Xo‘jalikdan dasturxongacha” tizimi hamda bu yerda yaratilgan 500 o‘rinli doimiy ish o‘rni, qolaversa, xodimlarning ishlashi uchun yaratilgan qulay sharoitlar mehnat jamoasini qish davrida ishonch bilan faoliyat ko‘rsatishi uchun mustahkam zamin bo‘lmoqda. Jamoada yangicha yondashuvlar asosida “Yashil ozuqa” ishlab chiqarish jarayonlari ham qishki ozuqa bazasining eng muhim jihatlaridan biri. E’tiborli tomoni, shu orqali izg‘irin bo‘lishiga qaramay mahsulot ishlab chiqarish bir maromda olib borilmoqda.
Biz qishlovni Qorovulbozordagi yirik qoramolchilik kompleksi misolida tahlil qildik. Mutaxassislar e’tiroficha, Buxoroda chorvachilik drayver sohalardan biriga aylangan. Shu ma’noda qish mavsumini yaxshi o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Qishlov bu mas’uliyatli sinov. Puxta tayyorgarlik ko‘rilgan joyda esa hammasi risoladagidek bo‘ladi. Buni qorovulbozorliklar tajribasida ham ko‘rsa bo‘ladi. Ta’kidlash joiz, qorako‘lchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar tomonidan o‘tgan yillar davomida 30 ga yaqin mahalliy loyihalar ishga tushirildi.
[gallery-15115]
“Qorovulbozor” MCHJda ham korxona barpo etish orqali qorako‘lchilik yanada rivojlantirilmoqda. Ayniqsa, hozirgi qish pallasida servitamin ozuqaga ehtiyoj katta. Ishga tushirilgan yangi loyihalar esa mazkur ehtiyojni qondirishga xizmat qilmoqda.
Buxoroda keyingi yillarda chorvachilik va qorako‘lchilik tarmog‘ida olib borilayotgan bir qator ilmiy yondashuvlar barobarida sohadagi uzoq yillar davomida to‘plangan tajribalarga uyg‘un ravishda amalga oshirilayotgan zamonaviy loyihalar o‘z natijalarini bermoqda. Yangi 2024 yilda ham bu boradagi ezgu va xayrli ishlar bardavom bo‘lishiga ishonchimiz komil. Bu esa kelgusida xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.