Chorva mollarini o‘g‘irlagan guruh aniqlandi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmatining xabariga ko‘ra, viloyatning Buxoro shahar, Buxoro va Kogon tumanlari hududida sodir bo‘lgan chorva mol o‘g‘irliklarini fosh etish maqsadida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu turdagi o‘g‘riliklarni sodir qilib kelayotgan jinoiy guruhning faoliyatiga chek qo‘yildi. Hududlarda mavhum holatda sodir etilgan 5 ta jinoyat fosh etildi.
Joriy yilning 8 aprel kuni Buxoro shahar Losha mahallasida yashovchi fuqaro Yu.Yo.ning bahosi 1 million so‘mlik bir bosh qo‘yi, 11 aprel kuni shaharning “Otbozor” mahallasida yashovchi fuqaro B.S.ning har birining bahosi 1 million so‘mlik ikki bosh qo‘yi, 12 aprel kuni esa Kogon tuman “Kogon” mahallasida yashovchi, fuqaro R.A.ning bahosi 5 million 200 ming so‘mlik 3 bosh qo‘yi va 1 bosh qo‘zisi, 13 aprel kunidan 14 aprel kuniga o‘tar kechasi Buxoro tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi I.Q.ning har birining bahosi 1million 300 ming so‘mga teng bo‘lgan 3 bosh qo‘yi, xuddi shu tunda tuman markazidagi Zarafshon ko‘chasida yashovchi fuqaro N.O.ga tegishli bo‘lgan har birining bahosi 1 million 800 ming so‘mga teng bo‘lgan ikki bosh qo‘chqori yashirin ravishda o‘g‘irlab ketilganligi to‘g‘risida Ichki ishlar organlari navbatchilik qismlariga xabarlar kelib tushgan.
Har bir xabar yuzasidan tegishli tuman va shahar Ichki ishlar organlarining tergov-tezkor guruhlari hodisa sodir bo‘lgan joyga chiqib, zaruriy surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borgan. Ushbu beshta holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Mazkur jinoyatlarning ob’ektiv hamda sub’ektiv tomonlari, jinoyat sodir etilishining fakultativ belgilari tahlil qilingan holda aniqlangan umumiy jihatlardan kelib chiqib, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari podpolkovnik Mansur Qodirov boshchiligida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda ushbu shahar va tumanlar ichki ishlar organlarining xodimlaridan iborat alohida tergov-tezkor guruhlari tuzilgan. Viloyat bo‘ylab keng miqyosli tezkor surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi.
Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatlar 3 nafar shaxsdan iborat jinoiy guruh tomonidan sodir qilinganligi aniqlangan.
Jumladan, jinoiy guruh tashkilotchisi 1999 yilda tug‘ilgan, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 109, 166, 169-moddalari bilan sudlangan Buxoro tumani Gala Osiyo mahallasida yashovchi fuqaro Sh.Sh. bo‘lib, o‘g‘rilik sodir qilinadigan xonadonlarni aniqlab ko‘zdan kechirgan holda jinoiy sheriklarga vazifalarni taqsimlab bergan. O‘g‘rilik sodir qilinadigan manzillarga boshlab borgan. Jinoiy guruhning ikkinchi a’zosi 1999 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat Kodeksining 277-moddasi bilan sudlangan, Buxoro tumani Nometan mahallasida yashovchi fuqaro K.J. bo‘lib, u jinoyatlarni sodir etishda bevosita ishtirok etib, o‘g‘rilangan chorva mollarni boshqaruvidagi Matiz rusumli avtomashinasida bozorga olib borib sotishda yetakchilik qilgan. 1999 yilda tug‘ilgan, Buxoro shahar Otbozor mahallasida yashovchi fuqaro T.U. esa jinoiy guruhning uchinchi a’zosi bo‘lib, boshqaruvidagi oq rangli Matiz rusumli avtomashinada haydovchilik qilib, jinoiy sheriklarini voqea joyiga olib borib kelganligi aniqlangan.
Jinoiy guruhni qo‘lga olish jarayonida 2 bosh qo‘y, 2 bosh qo‘zichoq va o‘g‘rilangan chorva mollarni sotishdan tushgan 5 million 190 ming so‘m naqd pullar hamda o‘g‘rilik jinoyatini sodir qilishda foydalanilgan Matiz rusumli avtomashina tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Hozirda, jinoiy guruhning fosh etilmay qolgan boshqa jinoyatlarga aloqadorliklarini aniqlash maqsadida tezkor-surishtiruv hamda jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA