Chorva boru yer yo‘q, yer boru chorva yo‘q
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizdagi mavjud chorva mollari ozuqa ekinlari uchun ajratilgan yer maydonlariga nisbatan ikki barobar ko‘p. Bu esa chorva uchun ozuqa yetishtirishda qator muammolarni keltirib chiqaradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sherzod Rahimov quyi palataning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining axboroti eshituvida quyidagilarni ta’kidladi:
— Chorvachilik sohasida oziq-ovqat bazasini mustahkamlash, tabiiy resurslardan, xususan, yer maydonlaridan samarali foydalanish muhim masalalardan. Biz xalq vakillari joylarga chiqqanimizda ayrim fermer xo‘jaliklari vakillari ozuqa ekin yerlari masalasida ko‘plab murojaatlar qilishadi. Shunday fermer xo‘jaliklari borki, ularda naslli, zotdor mollar parvarishlanadi, ammo ozuqa ekin yer maydoni yetarli emas yoki umuman yo‘q. Ammo o‘nlab gektar, 100-200 gektar ekin yer maydonlariga ega chorvador fermer xo‘jaliklarida chorva mollari egallab turgan yeriga nisbatan juda kam yoki deyarli yo‘q. Ya’ni chorvasi borlarda yer yo‘q, yeri borlarda chorvasi yo‘q. Ular yerni kimlargadir vaqtincha ijaraga berib foydalanyapti. Buyoqda haqiqiy chorvadorlar esa ozuqa yetishtirishda qiynalishadi. Bu boradagi muammolarni bartaraf etish va yer ajratishda adolatli taqsimot qilish, chorvachilik xo‘jaliklari va ularning yer maydonlarini atroflicha o‘rganish maqsadga muvofiq.
Muhtarama Komilova, O‘zA