Chorbog‘kentda orzular ro‘yobga chiqdi
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, farzandlar kamoli uchun munosib sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Ayniqsa, chekka qishloqlarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholiga zamonaviy ta’lim va tibbiyot xizmatlarini yaqinlashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar har bir hudud qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Bu o‘zgarishlar ortida inson manfaati, oila farovonligi va kelajak egalari bo‘lgan bolalarning baxtli hayoti mujassam.
Ana shunday xayrli ishlardan biri Buxoro viloyati Vobkent tumanining Chorbog‘kent qishlog‘ida amalga oshirildi. Bu yerda zamonaviy 40-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Eng muhimi, mazkur ta’lim muassasasi qishloq aholisining uzoq yillik orzusi va ehtiyojiga munosib javob bo‘ldi.
“Mening bog‘cham” loyihasi doirasida 4 milliard 800 million so‘m mablag‘ evaziga qurilgan mazkur muassasada 120 nafar bolajon zamonaviy, barcha qulayliklarga ega sharoitlarda ta’lim-tarbiya olib, maktabga puxta tayyorlanmoqda. Keng va yorug‘ xonalar, zamonaviy jihozlar, xavfsiz o‘yin maydonlari hamda malakali pedagoglar mehnati bolalarning har tomonlama kamol topishi uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘tamoqda.

Mazkur davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PQ–454-sonli “2025–2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida barpo etilgani ham davlatimiz tomonidan ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir.
Yangi bog‘chaning qadr-qimmati uning muhtasham binosi yoki zamonaviy jihozlaridagina emas. Uning eng katta ahamiyati minglab ota-onalar qalbidagi tashvishlarga barham berganidadir.
Chunki shu kunga qadar Chorbog‘kent qishlog‘ida birorta ham maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud emas edi. Shu bois ota-onalar farzandlarini qo‘shni Xajuvon qishlog‘i yoki Romitan tumani bilan chegaradosh Shohnigor mahallasidagi bog‘chalarga qatnatishga majbur bo‘lardi. Buning uchun esa mamlakatimizdagi eng serqatnov yo‘llardan biri hisoblangan “M-37” xalqaro avtomobil yo‘lini kesib o‘tishga to‘g‘ri kelar, bu esa har kuni xavotir va tahlika bilan yashashni anglatardi. Ayrim oilalar esa xavfsizlik nuqtai nazaridan farzandlarini umuman maktabgacha ta’limga yubora olmas edi.
Endilikda esa bu muammolar o‘tmishda qoldi. Bolalar o‘z qishlog‘ining o‘zida zamonaviy ta’lim muassasasida tarbiya olish imkoniga ega bo‘ldi. Bu esa nafaqat ta’lim qamrovini kengaytirdi, balki farzandlarning erta yoshdan sifatli ta’lim olishiga, ularning intellektual va ma’naviy rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Yangi bog‘chaning ochilishi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etdi. Bugun muassasada 30 nafar pedagog va tarbiyachi mehnat qilmoqda. Xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bilan birgalikda 30 nafardan ortiq mahalliy aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, o‘z oilasi daromadini barqaror ta’minlash imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, farzandlarini bog‘chaga joylashtirgan onalar uchun mehnat bozoriga qaytish, tadbirkorlik yoki boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatlari yanada kengaydi.
Bu o‘zgarishlar bir qarashda oddiy bog‘cha qurilgandek tuyulishi mumkin. Aslida esa bu — butun bir qishloq hayotining yangi bosqichga ko‘tarilganini anglatadi. Chunki har bir qurilgan bog‘cha — kelajakka qo‘yilgan mustahkam sarmoya, har bir tarbiyalangan bola esa Yangi O‘zbekistonning bilimli, vatanparvar va raqobatbardosh avlodidir.
Mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yilligi arafasida Chorbog‘kent ahlining quvonchi beqiyos. Bu zamonaviy bog‘cha nafaqat yangi bino, balki yuzlab oilalarning orzusi ushalgan, bolalarning kulgusi yangrayotgan, kelajakka ishonch mustahkamlangan maskanga aylandi.
Chorbog‘kentda qad rostlagan ushbu davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti Yangi O‘zbekistonda inson manfaati hamma narsadan ustun degan ezgu tamoyilning yana bir yorqin ifodasidir. Prezidentimiz rahbarligida chekka hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi turmush sifatini yuksaltirish va har bir bolaga teng imkoniyat yaratishga qaratilgan islohotlar bugun amaliy natijasini bermoqda. Bugun bog‘cha eshigidan quvonch bilan kirib kelayotgan har bir bolajon ertangi taraqqiy etgan O‘zbekistonning munosib bunyodkori bo‘lib kamol topishi, shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri