“Chor darvesh” spektakli ayollarga manzur bo‘ldi
Mamlakatimizda aholining teatrlarga tizimli tashrifini yo‘lga qo‘yish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj xotin-qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularning psixologik holatini yaxshilash, madaniy hordiq chiqarishlarini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Buxoro viloyati musiqali drama teatrida Yassaviy hikmatlari asosida sahnalashtirilgan “Chor darvesh” spektakli namoyishi ham xotin-qizlarning madaniy hordiq chiqarishlarini ta’minlash yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Shofirkon tumani hokimligi Oila va xotin-qizlar bo‘limi, tuman IIB, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi hamkorligida bir guruh xotin-qizlar mazkur spektaklni tomosha qilish uchun teatrga olib borildi. Spektaklga 200 ga yaqin ayollar jalb qilindi.
[gallery-21725]
– Oddiy bir qishloq ayoli sifatida guvohi bo‘lyapmanki, bugungi kunda xotin-qizlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, kasbu korli bo‘lishi, oilaviy holatini yaxshilashi borasida ko‘plab islohotlar olib borilmoqda. Bugun madaniy hordiq olish uchun tashkil etilgan teatr tomoshasi barchamizga katta taassurot uyg‘otdi. Bunday spektakllar hayotning qadr-qimmatini anglash, halol yashash, shukronalikka o‘rgatadi, – dedi Chandir mahallasida istiqomat qiluvchi Sabohat Isomova.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi, Prezidentimizning 2023 yil 31 dekabrdagi Respublikada ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoni 12-bandiga asosan tashkil etilayotgan bundan tadbirlar muntazam o‘tkaziladi.
Dilorom G‘AFFOROVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari
O‘zA