Cho‘ponlik kasbini ardoqlayotgan ayol
Oramizdagi zamondoshlarimiz
Cho‘ponlik sharafli va mashaqatli kasblardan biri. Har kim ham bu kasbni egallashga jur’at qilolmaydi. Ayniqsa, xotin-qizlarimiz orasida bu kasb ommalashmagan.
Navoiy viloyatining Nurota tumani aholisining aksariyat qismi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Shohista To‘ychiyeva ham hech ikkilanmay cho‘ponlik kasbini tanlagan.

Shohista 1980-yil 6-may kuni Nurota tumani Temirqovuq qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Xolboy Shomurodov jamoa xo‘jaligida oddiy ishchi, onasi Oydin opa esa uy bekasi. Shohista oilada 10 farzandning 8-si. Mana 15-yildirki, u “Nurota qorako‘l naslchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bosh cho‘pon bo‘lib faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi kunda uning otarida 410 bosh atrofida mayda shoxli mol mavjud.
– Cho‘ponlikning gashti o‘zgacha, – deydi qahramonimiz. – Keng dala, toza havo – ko‘nglingiz yayraydi. Ayniqsa, cho‘ponlar uchun o‘ta mas’uliyatli davr bo‘lgan tul mavsumini yakunlab, sog‘lom qo‘zi olganingizda, qo‘zilarning tinimsiz ovozini eshitganingizda kuzning qirovli, qishning izg‘irin sovuqlarida chekkan azoblaringiz bir zumda unutiladi. Ota-bobolarimiz “Chorva barakali, chorvasi bor xonadonda to‘kinchilik bo‘ladi”, deb ko‘p bora uqtirishgan. Mana chorvaning orqasidan kam bo‘lganimiz yo‘q.
Shohista turmush o‘rtog‘i Otabekjon bilan 5 farzandni oq yuvib, oq tarab kelmoqda. Ikki qizi Toshkent shahridagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan bo‘lsa, bir qizi va ikki o‘g‘li o‘rta maktab o‘quvchisi.

Sh.To‘ychiyeva tumandagi eng olis masofada joylashgan otarda nasldor qo‘ylar sonini ko‘paytirish, qorako‘l teri yetishtirish hajmi va sifatini oshirish borasida faollik ko‘rsatib kelayotgan tajribali va ilg‘or cho‘ponlaridan biri hisoblanadi.
U boy tajribasiga tayangan holda har yili qishlov mavsumini betalofat o‘tkazadi. Ayniqsa, qish mavsumining qattiq sovuq bo‘lishi va uzoq cho‘zilishiga qaramasdan tajribali cho‘pon o‘z qaromog‘idagi chorva mollarni qishdan talofatsiz olib chiqadi.
– Ayol kishiga cho‘ponlik qilish og‘irlik qilmaydimi? Bu kasbni tanlaganingizga afsuslanmaysizmi? – deya undan so‘raymiz.
– Taqdirimga shu kasb bitilgan bo‘lsa kerak, yoshligimdan qo‘y-qo‘zilar parvarishiga qiziqaman. Ob-havoning issig‘iga ham, sovug‘iga ham chidab kelayapmiz. Hozir qo‘zilatish mavsumi boshlangan. Uni ko‘ngildagidek yakunlab olsak, barcha qiyinchiliklar unutiladi.
Albatta, qo‘zilatish mavsumi cho‘ponlar uchun mas’uliyatli davr. Shohista bu mavsumda ham yuz foiz qo‘zilarni o‘stirishga qoldirish niyatida. Bu esa tuyoq sonining oshishiga olib keladi.
O‘z kasbini sevishi, el-yurt xizmatiga kamarbastaligi, insoniy fazilatlari bilan tuman faollari va aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozonib kelayotgan cho‘pon ayol joriy yil 8-mart arafaasida Prezidentimizning farmoniga ko‘ra, davlatimizning yuksak mukofotlaridan biri “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu esa matonatli va o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan ayolning mehnatiga berilgan katta bahodir.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri