Chiroqchida chinni mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatiga qaratilayotgan e’tibor tufayli soha jadal rivojlanmoqda.
Bir paytlar faqatgina chorvachilik va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan degan tasavvur uyg‘otib kelgan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida ham ko‘plab istiqbolli loyihalar amaliyotga tatbiq etilib, hududda kichik korxona va zavodlar soni ko‘payishiga, pirovardida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, tuman iqtisodining yuksalishiga xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan hududlarda tashkil etilgan kichik sanoat zonalari tadbirkorlarning loyihalarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chiroqchi tumanining Mustaqillik mahallasidagi kichik sanoat zonasida ham tadbirkorlar tomonidan 16 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilishi natijasida 221 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, sanoat zonasida tadbirkor Sobir Xonaliyev tomonidan 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga chinni ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarish sexi o‘z faoliyatini boshladi. Dastlabki, bosqichda 4 turdagi chinni buyumlar ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda yana 8 turdagi chinni buyumlar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda.

Eng muhimi, chinni buyumlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo zaxirasi tumanning o‘zida mavjud. Sex faoliyatini boshlashi bilan birinchi bosqichda 10 nafar aholi bandligi ta’minlangan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda esa 30 ta yangi ish o‘rni yaratilishi maqsad qilingan.
– Yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib, tavakkal qilib mana shu chinni sexini ochdik, – deydi korxona rahbari Sobir Xonaliyev. – Asosiy e’tiborni sifatga qaratganmiz. Choynak, piyola, kosa kabi chinni idishlar ishlab chiqaryapmiz. Faoliyatimizni yaqindagina boshladik. Kelgusida seximizni yanada kengaytirib, 20 xil turdagi chinni idishlar ishlab chiqarishni va ko‘plab ish o‘rinlari yaratishni niyat qilib turibmiz.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri