Chirchiq shahri yanada obod bo‘ladi
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida aholiga qulay sharoit yaratish, odamlar talabidan kelib chiqib, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Aytish joizki, Prezidentimizning joriy yil 18-19 mart kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida bergan ko‘rsatmalariga asosan, respublika byudjetidan jami 4 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, Chirchiq shahridagi 21 ta ko‘p qavatli uyga tutash hududlarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, 15 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi, 13 ta bolalar maydonchasini qurish, 35 ta kirish yo‘laklarini ta’mirlash, 88 ta tashqi yoritish tizimlarini o‘rnatish, 5 ming 485 kvadrat metr yo‘laklarni betonlash, katta hajmda irrigatsiya tarmoqlarini sozlash va tiklash, 4 ta zamonaviy “street workout” sport maydonchalarini qurish hamda 13 ta yerto‘lani ta’mirlash yakuniga yetkazilgan.

Bundan tashqari, kommunal sohani yaxshilash, obodonlashtirish, ko‘p qavatli uylarning tomlarini butlash, umuman, bunyodkorlik ishlarini tashkil qilish uchun qo‘shimcha 30 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga 810 ta uyning fasad qismi, 144 ta uy esa to‘liq ta’mirlandi.
Markaziy issiqlik tarmoqlariga Chirchiq shahrida jami 25 ming 826 xonodonli 538 ta ko‘p qavatli uy iste’molchilari ulangan.
Ularni 2021-2022 yillar kuz-qish mavsumida markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan taminlash maqsadida 14 ta qozonxona kuz-qish mavsumiga shaylandi.

Mazkur sa’y-harakatlarni tizimli va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini shaxsan viloyat hokimi Davron Hidoyatov o‘z nazoratiga olgan bo‘lib, ishchi guruh ishtirokida kunora o‘rganish tashkil etilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli mas’ullarga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilmoqda.
Xususan, bu galgi o‘rganishlar davomida hududni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chalarni kengaytirish, yangi bino, inshootlar qurilishining sifatiga e’tibor qaratish, zamon talabidan kelib chiqib, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shaharning tabiiy-iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar, xiyobonlar tashkil etish yuzasidan qo‘shimcha takliflar bildirildi.
Bu borada shahar hokimi va soha mas’ullariga qator topshiriqlar berildi.
A. Musayev, O‘zA