Chirchiq daryosida noqonuniy baliq ovlangan
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning 25-martidan 26-martga o‘tar kechasi noqonuniy baliq ovining oldini olish maqsadida navbatdagi ekologik nazorat tadbirlari tashkil etildi.
O‘rganishlarga ko‘ra, Quyichirchiq tumani “Qo‘rg‘oncha” hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining chap qirg‘og‘ida fuqarolar E. X. va B. J. tomonidan noqonuniy usulda, ya’ni aylana to‘r yordamida baliq ovlanayotganganligi aniqlangan. Huquqbuzarlik natijasida 204 ta baliq ovlanib, bu orqali tabiatga 20 million 774 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan MJtKning 90-moddasi 4-qismiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, kerakli chora ko‘rilishini ta’minlash maqsadida sud organlariga yuborish uchun tayyorlanmoqda. Ovlangan baliqlar esa 4-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internatiga beg‘araz topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, mavjud qonunchilikka ko‘ra, tabiiy suv havzalaridagi ixtiofauna obyektlari umummilliy obyekt bo‘lib, undan oqilona foydalanish davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Tabiiy suv havzalarida yashayotgan, shuningdek, tabiiy yashash muhitiga chiqarib yuborilgan baliqlar davlat mulkidir. Baliq ovlash joylarida baliq ovlash vositalari yoki baliq ovi mahsulotlari bilan bo‘lish ham baliq ovlashga tenglashtiriladi. Sport-ishqibozlik turidagi hamda sanoat usulida baliq ovlashga belgilangan tartibda ruxsat berilgan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha tabiiy suv havzalari baliq ovlash hududlari hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA