Chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik
Davlatimiz rahbari tomonidan 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Bu esa, so‘nggi yillarda ekologiya yo‘nalishida yurtimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan yurtimizda bu borada ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tish lozim. Bundan uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasiga start berilib, “yashil” energetika iqtisodiyotimiz bosh tamoyillaridan biriga aylanib borayotganligi fikrimizning isbotidir.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi Koreya atrof-muhitni muhofaza qilish korporatsiyasi (K-Yeko) bilan hamkorlikda mamlakatimizda chiqindilarni barqaror utilizatsiya qilish inshootlarini qurish bo‘yicha yangi hamkorlik loyihalarini imzoladi. Loyihani amalga oshirishda antisanitar chiqindi poligonidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindi gazini yig‘ish va elektr energiya ishlab chiqarish orqali issiqxona gazlari chiqish miqdorini kamaytirish maqsadlari ko‘zlangan.
Mazkur loyiha 2024 yilning 16 dekabr kuni imzolangan bo‘lib, 2026 yilning dekabr oyiga qadar davom etadi. Loyiha ob’ekti Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani markaziy chiqindi poligoni hisoblanadi. Mazkur poligonning umumiy yer maydoni 25 gektarni tashkil etib, bu yerga kuniga Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani aholisi xonadonlarida hosil bo‘lgan 336 tonna qattiq maishiy chiqindi olib kelinadi.
Loyiha doirasida chiqindilarni qazish, ko‘mish va ulardan elektr energiyasi olish, ya’ni chiqindi gazini yig‘ish va elektr energiyasi ishlab chiqarish inshootlarini qurish, elektr energiyasi ishlab chiqarish inshootlarini o‘rnatish va hududiy elektr tarmoqlariga ulash ishlari olib boriladi.
[gallery-21415]
Shuningdek, hamkorlikdagi loyiha shartlari ko‘ra, o‘zbekistonlik soha mutaxassislari issiqxona gazlarini kamaytirish, chiqindi gazlarini yig‘ish va elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasining uzluksizligini ta’minlash maqsadida Koreya Respublikasida seminar mashg‘ulotlarini o‘tashi ham rejalashtirilgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari