Chiqindilarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi
Boyovut tumanining hokimi Niyoz Hazratqulov va hokimning innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Murodjon To‘raqulov Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan sarmoyadorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda KECC Holding Group va Geotech Engineering-Design Group kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.
Muzokaralar davomida tuman hududidagi chiqindixona bazasida chiqindilarni ekologik xavfsiz usulda qayta ishlash va ustini ko‘mish orqali hosil bo‘ladigan gazdan generatorlar yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish istiqbollari muhokama qilindi. Loyiha nafaqat ekologik muammolarni kamaytirishga, balki hududning energiya salohiyatini oshirish va muqobil energiya manbalarini yaratishga qaratilgan.

Shuningdek, uchrashuvda yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

– Bu loyiha nafaqat ekologik vaziyatni yaxshilash, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi, – deydi Niyoz Hazratqulov.

Loyihani amalga oshirish jarayonida texnik sinovlar, investitsiya shartnomalari va innovatsiyalarni samarali tatbiq etish masalalari ham muhokama qilindi. Bu esa loyihani barqaror va uzoq muddatli rivojlanishga yo‘naltirishda muhim omil hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri