Chiqindilar o‘zimizga zarar yetkazadi
Dolzarb mavzu
Har kuni ertalab ishga kelar chog‘im shahar ko‘chalarini supurayotgan, daraxt va gullarga suv quyayotgan obodonlashtirish boshqarmasi ishchilariga duch kelaman.
Erta tongdan ozoda, salqin yo‘laklardan yurib ishga, o‘qishga, bog‘chaga borish qanday yaxshi. Mahalla guzaridagi do‘konlar, sartaroshxona, oshxonalar atrofi ozoda qilib supurilganini ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi. Afsuski, soat millari tushlikni ham ko‘rsatmay turib binolar oldi, yo‘laklar muzqaymoq qog‘ozlari, baklajka, sigaret qutisi, namlantiruvchi salfetkalarga to‘lib ketadi. Hattoki qadam bosib o‘tgani joy qolmaydi. Beixtiyor, odamlarning birovlar mehnatini qadrlamasligi, tabiatga bo‘lgan e’tiborsizligi qalbingizni og‘rintiradi.
Mana bugun ham o‘sha ahvol. Bektemir tumanidagi Majnuntol, Zilola, Chashma, Iqbol mahallalari atroflari ertalabdan ozoda qilib supurilgan, chiqindilar yig‘ilib, maxsus mashinalarda olib ketilgan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay yo‘laklar atrofi chiqindilar bilan to‘lgan.
Bugun aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklar ko‘payayotgani bois, shahar, tuman markazlaridagi mahalla, ko‘cha hamda bozor, maktab, ishxonalar atrofida doimiy ravishda tozalik, obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Ko‘p qavatli uylar atrofiga esa maxsus chiqindi tashlash shoxobchalari qurilgan. Xo‘sh, hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan shunday ishlarga aholining munosabati qanday?
– Aholining munosabatini yaxshi deb aytolmayman, –deydi Bektemir tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Laziz G‘ofurov. – Har kuni obodonlashtirish markazining 100 nafarga yaqin xodimi ertalab soat 6:00 dan tumanimizdagi 11 ta mahalla hududlarini tozalab, chiqindilarni olib ketishadi. Afsuski, oradan hech qancha vaqt o‘tmay ko‘chalar, yo‘laklar, ko‘p qavatli uylar atrofi yana mayda chiqindilarga to‘lib ketadi. Asosan odamlar qo‘llaridagi suvdan bo‘shagan baklajka, sigaret qutisi, muzqaymoq qog‘ozlari, pista po‘choqlari, konfetlardan bo‘shagan qog‘ozlarni duch kelgan joyga tashlab ketaverishadi.
Tumanimizda 45 ming nafar aholi bor. Ular o‘rtasida tushuntirish ishlarini doimiy ravishda olib boryapmiz. Tadbirlarda shaxsan o‘zim ishtirok etib, tumanimiz ko‘chalarini ozoda tutish, yuqumli kasalliklar ko‘payishining oldini olish faqat bizgagina bog‘liq emasligini odamlarga tushuntiraman. Ammo natijasi bo‘lmayapdi. Shu bois chiqindi tashlash madaniyati bo‘yicha roliklar tayyorlab, Bektemir tumani gazetasi hamda ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar orqali tarqatishni rejalashtirib turibmiz.
Ko‘pqavatli uylar atrofida hordiq chiqarib o‘tirgan Maysara aya Namozova ko‘chalar ozodaligi asosan kattalarga bog‘liqligini ta’kidladi.
– Ayrim onalar yosh bolasining qo‘liga og‘ir chiqindi chelakni tutqazib, ko‘chaga tashlab kelishni buyuradi, –dedi M. Namozova. – Ba’zi bolalar erinib, chiqindini yo‘l chetiga yoki uylar atrofiga tashlab ketadi. Atrofdagi daydi kuchuk, mushuklar ularni titkilab, yegulik qidirib, hammayoqni iflos qiladi. Chiqindilarga qo‘ngan pashshalardan esa kasallik ko‘payish ehtimoli kuchayadi. Chiqindilar tashlanadigan joylar ozodaligi, gigiyenasi mas’ul shaxslar tomonidan nazorat qilib boriladi. Ammo atrof muhitni qanday saqlash, eng avvalo o‘zimizga bog‘liq.
O‘zimiz uchun kerakli oziq-ovqatlarni eng toza, salqin joylarda saqlashga odatlanganmiz. Ulardan chiqadigan chiqindilarni ham axlat yashigiga avaylab tashlaymiz. Uyimizni ozoda tutishga harakat qilamiz. Ammo qo‘limizdagi chiqindini yo‘lakka irg‘itayotganimizda vijdonimiz qiynalmaydi. Bu odatimizni bolalar, yoshlar ko‘rib turganini his etsakda e’tibor bermaslikka harakat qilamiz. Biz bunday hatti-harkatimiz bilan tabiatga qancha zarar yetkazayotganimizni, oqibati yaxshilik bilan tugamasligini tan olgimiz kelmaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda har yili 7 million odam havoning ifloslanishi oqibatida vafot etadi. Ularning aksariyati saraton, respirator yoki yurak kasalliklari bilan og‘riydi. Bolalarda esa astma, surunkali o‘pka kasalliklari, bo‘y o‘sishining sekinlashuvi, semizlik va aqliy zaiflik kuzatilmoqda.
bugungi kunga kelib havoning ifloslanish darajasi dunyo xaritasidagi aksariyat mamlakatlar hukumatlarini tashvishga solyapti. Ba’zi shaharlarda o‘rtacha umr ko‘rsatkichi yildan-yilga qisqarib bormoqda.
Demak, ertangi hayotimizni qanday o‘tishi, salomatligimiz kafoloti ko‘p jihatdan bugungi xatti-harakatlarimizga bog‘liq ekan. Shunday ekan, bugun o‘zimiz yerga uloqtirayotgan chiqindilar ertaga o‘zimizga zarar yetkazishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘raylik.
Nigora Rahmonova,
O‘zA