Chiqindi suvlar qayta ishlanib oltin olinyapti
Markaziy kon boshqarmasi 7-gidrometallurgiya zavodida suvni tejash, undan oqilona foydalanish maqsadida 2-gidrometallurgiya zavodining Chiqindini tashish, joylashtirish va aylanma suv ta’minoti sexida yillar davomida ishlab chiqarishdan chiqqan suvlar qayta ishlanib, oltin olinyapti. Buning uchun 26-30 km uzoqlikdagi ishlab chiqarishdan yig‘ilgan suv havzasidan zavod hududiga uzunligi 26 km, diametri 630 mm bo‘lgan metall quvur liniyasi tortilgan.
– 2-gidrometallurgiya zavodining yig‘ilgan suv havzasidan 2021 yil may oyidan boshlab hozirgi kungacha 19 million 163 ming 391 m3 suv qabul qilinib, qariyb 315,6 kg suv tarkibidagi eritma holatdagi mavjud qimmatbaho metall, ya’ni oltin ajratib olindi, – deydi Sianlash va sorbsiya sexi boshlig‘i Muxtor Shukurov. – Yuqorida ko‘rsatilgan natijalarni yanada oshirish va suvdan unumli foydalanishni takomillashtirish maqsadida yana 4 ta Lokal sorbsion qurilmasi kolonnalarini qurish rejalashtirilmoqda. Yillar davomida ishlab chiqarishdan yig‘ilgan suvni yangi innovatsion loyihalar asosida ko‘p miqdorda qabul qilish va undan mavjud qimmatbaho metallarni ajratib olishni ko‘paytirish maqsadida bir kunda o‘rtacha 16,6 ming kubometr, bir oyda esa o‘rtacha 514,1 ming kubometr toza suv tejab qolinmoqda.


Keyingi besh yil Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchun yangi taraqqiyot davrini boshlab berdi. Bu davrda korxona miqyosida ulkan bunyodkorlik ishlari, yangi konlarni o‘zlashtirish, gidrometallurgiya zavodlari barpo etish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha keng hajmdagi ishlar bajarildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan kombinatni 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida “Oltinni uyumda ishqorlash sexida texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasini qurish (7-GMZ)” loyihasi ana shunday muhim loyihalardan biridir.


Texnogen chiqindilarni qayta ishlashga mo‘ljallangan ushbu zavod kombinat jamoasi tomonidan g‘oyat qisqa davrda qurib bitkazildi. Zavod qurilishida qo‘llanilgan asosiy texnologik uskunalar, turli dastgohlar, butlovchi materiallar, sharli tegirmonlar chet eldan sotib olinmasdan, Navoiy mashinasozlik zavodida ishlab chiqarilgan.


Zavodning boshqa turdosh zavodlardan ajralib turadigan ustunligi shundaki, bu yerda joriy etilgan texnologiyalar texnogen chiqindilarni qayta ishlash va uning tarkibidagi oltinni olish imkonini bermoqda. Ya’ni, zaxiraga olingan ma’dan kislotali ishqorda yana qayta ishlanmoqda.
7-sonli gidrometallurgiya zavodi zamonaviy texnologiyalarga asoslangani bois, murakkab jarayonlar orqali qayta ishlangan (texnogen) ma’danlardan mahsulot olish sarf-xarajatini kamaytirib, ko‘zlangan samaradorlikka erishilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri