Chiqindi poligoni faoliyati o‘rganildi
Chiqindi bilan bog‘liq muammolar ekologiya sohasidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda. Shu bois ham yurtimizda chiqindi masalalarini tartibga solish, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirishga alohida ahamiyat qaratib kelinadi.
Bu borada «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ham bir qator maqsad va vazifalar belgilangan. Jumladan, maishiy chiqindi poligonlarini kamida 50 foizga qisqartirish, maishiy chiqindi yig‘ish shoxobchalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, chiqindilarni turlariga qarab saralashni yo‘lga qo‘yish, plastik chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus joylar va uskunalarni o‘rnatish orqali yig‘ib olish va utilizatsiya qilish, ijtimoiy soha ob’ektlarini chiqindi konteynerlari bilan ta’minlash kabi bir qator vazifalar o‘z aksini topgan.

Ta’kidlash joizki, bu kabi maqsad-vazifalar mamlakatimizda chiqindi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, sohani tartibga solishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ham bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Mohira Xo‘jayeva partiya vakillari va xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi deputatlari hamda viloyat “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” rahbari bilan birgalikda Parkent tumani “Qirg‘izovul” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi chiqindi poligonini o‘rgandi.

Ushbu poligon 2024 yilda foydalanishga tushirilgan bo‘lib, umumiy yer maydoni 10 gektarni tashkil qiladi. Poligonda barcha ishlar to‘liq tashkillashtirilgan, quyosh panellari o‘rnatilgan. Hozirda ushbu poligon zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlanmoqda. Hududda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari ekilgan va sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘rganishlarda chiqindi poligoni faoliyatini yanada takomillashtirish, ekologik talablarga qat’iy e’tibor qaratish bo‘yicha bir qator ko‘rsatma va takliflar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA