Chiqindi muammodan iqtisodiy resursga aylanmoqda
Bir qarashda chiqindi — yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan maishiy muammo. Ammo...
Ammo zamonaviy iqtisodiyotda unga munosabat o‘zgarmoqda. Chiqindi qayta ishlanadigan xom ashyo, undan esa energiya va iqtisodiy qiymat yaratiladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chiqindilarni termik qayta ishlash loyihalari ham ana shu yondashuvning amaliy ko‘rinishidir. 2027–2028-yillarda bosqichma-bosqich ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan 11 ta zavod mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Loyihalarning umumiy qiymati 1 milliard 558 million dollar bo‘lib, ular to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 5,4 million tonna qattiq maishiy chiqindi termik qayta ishlanadi va 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu raqamlar ortida faqat energetika sohasi uchun qo‘shimcha manba emas, balki chiqindilarni boshqarish tizimidagi katta o‘zgarish turibdi.
Chiqindilar miqdorining ortishi shaharlar va aholi punktlari oldidagi eng dolzarb ekologik vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Chiqindini faqat poligonlarga joylashtirish esa muammoning yechimi emas. Yer maydoniga bo‘lgan ehtiyoj, atrof-muhitga ta’sir va poligonlarning uzoq muddatdagi ekologik oqibatlari bunday yondashuvni qayta ko‘rib chiqishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan, termik qayta ishlash texnologiyalarining ahamiyati shundaki, chiqindi hajmi kamaytiriladi va uning tarkibidagi energiyadan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi.
O‘zbekistondagi yangi loyihalar to‘liq quvvatga chiqqach, har yili 5,4 million tonna maishiy chiqindi qayta ishlanishi rejalashtirilmoqda. Bu chiqindilarning katta qismini poligonlarga yo‘naltirish zaruratini kamaytirish bilan birga, ulardan elektr energiyasi olish imkonini beradi. Loyihalarning ikkinchi bosqichi doirasida barpo etilayotgan 5 ta zavodning o‘zi yiliga 635 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Bu jarayonda 158 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi ham ko‘zda tutilgan.
Umumiy 11 ta zavod bo‘yicha esa elektr ishlab chiqarish hajmi yiliga 2,2 milliard kilovatt-soatga yetadi. Demak, chiqindilarni boshqarish siyosati asta-sekin energetika siyosati bilan ham uyg‘unlashmoqda. Ilgari iqtisodiy va ekologik yuk sifatida qaralgan chiqindi endi qo‘shimcha energiya manbasiga aylantirilmoqda. Bu yerda e’tiborli jihat — loyihalarning uzoq muddatli iqtisodiy modeli ham shakllantirilayotganidir. Zavodlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 30 yil davomida kafolatli xarid qilinishi investorlar uchun barqaror bozor yaratadi. Ya’ni chiqindini qayta ishlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish va uni sotish jarayonlari yagona iqtisodiy zanjirga birlashtirilmoqda.
Loyihalarning samarasi elektr energiyasi bilan cheklanmaydi
Ikkinchi bosqichdagi zavodlar to‘liq ishga tushgach, yiliga 316 ming tonnagacha issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirish, birinchi va ikkinchi bosqich loyihalari doirasida esa chiqindilarni poligonlarga joylashtirish hajmini sezilarli kamaytirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, zavodlarda zararli moddalarning atmosferaga chiqishini cheklaydigan zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilishi rejalashtirilmoqda. Biroq bu yerda muhim bir shart bor: termik qayta ishlashning ekologik samarasi faqat zamonaviy texnologiyaning mavjudligi bilan emas, uning qanchalik qat’iy nazorat qilinishi bilan ham belgilanadi. Havoga chiqarilayotgan moddalarni muntazam monitoring qilish, ochiq ma’lumot berish va ekologik standartlarga qat’iy rioya etish tizimning ishonchliligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Chiqindini resursga aylantirish sirkulyar iqtisodiyotning asosiy g‘oyalaridan biridir. Bunday iqtisodiyotda mahsulotdan foydalanish tugaganidan keyin uning qiymati butunlay yo‘qolib ketmaydi. Aksincha, qayta ishlash, qayta foydalanish yoki energiya olish orqali iqtisodiy aylanmaga qaytariladi. 11 ta zavod loyihasini ham ana shu jarayonning bir qismi sifatida baholash mumkin. Qayta ishlash tizimi qanchalik samarali bo‘lishi uchun chiqindini manbadayoq saralash, qayta ishlanadigan materiallarni alohida yig‘ish va ularni qayta ishlash sanoatiga yo‘naltirish muhim. Shunda termik qayta ishlash tizimi ham “barcha chiqindini yoqish” emas, balki qayta ishlash imkoni bo‘lmagan qismdan samarali foydalanishga asoslangan yaxlit tizimning bir bo‘lagiga aylanadi.
Loyihalarning ijtimoiy samarasi ham bor. Barcha zavodlar ishga tushgach, 1 500 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa chiqindilarni boshqarish sohasining oddiy kommunal xizmatdan zamonaviy texnologiya, muhandislik, energetika va ekologik nazoratni birlashtirgan yangi tarmoqqa aylanayotganini ko‘rsatadi.
Asosiy maqsad — chiqindini yo‘q qilish emas. Eng muhim o‘zgarish chiqindiga bo‘lgan qarashning o‘zgarishidir. Chiqindi endi faqat olib chiqib ketilishi kerak bo‘lgan maishiy yuk emas. Uning tarkibida qayta ishlash mumkin bo‘lgan xom ashyo, energiya va iqtisodiy qiymat mavjud. Shu ma’noda, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan 1,5 milliard dollardan ortiq investitsiyali 11 ta loyiha chiqindilarni boshqarish sohasida yangi iqtisodiy modelni shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.
Biroq haqiqiy natija zavodlar ishga tushgani bilan emas, ular atrof-muhitga ta’sirni kamaytirgan holda barqaror ishlashi, chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimi bilan uyg‘unlashishi hamda ishlab chiqarilgan energiya iqtisodiyotga samarali integratsiya qilinishi bilan o‘lchanadi. Shunda “chiqindidan elektr” oddiy texnologiya emas, balki toza muhit, energiya tejamkorligi va iqtisodiy samarani bir nuqtada birlashtirgan yangi taraqqiyot modeliga aylanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA