Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
Davomi. Oldingi qismi 9 iyulda e’lon qilingan
Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz.
Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
Bunaqa kallai saharlab hech bir uy hayvoni o‘z oyog‘i bilan tom ostidan chiqib ketmaydi. Falokat sodir bo‘lganini tushundim va onamga xabar beray, deb uyga yugurdim. O‘sha lahzadan boshlab oilamiz uchun dunyo ostin-ustun bo‘lgani, qora kun kelgani aniq – ikkilanishga hojat yo‘q: sigirni o‘g‘rilar ko‘z ostiga olib yurgan va o‘g‘irlashgan. Sarosimaga tushib hamma yig‘lardi va endi nima bo‘lshiga aqlimiz yetmasdi. Yugurib kelgan soqchi qo‘shnilar ham ovoz chiqarib yig‘lashdi, bizga achinishdi, badkirdorlarni qarg‘ashdi va Xudodan ularning boshiga qora kun solishini so‘rab iltijo qilishdi. Men bolalarning to‘ng‘ichi edim, kichkinalarni himoya qilish vazifam, nimadir ish ko‘rish – urishish, ko‘rashish va qayg‘umiz uchun qasos olish kerak edi. O‘sha kezdagi qarashimga ko‘ra, bu faqat bir narsani belgilardi: o‘g‘rini o‘ldirish kerak.
Qo‘shnilarimizdan biri traktorchi Temirbekning oldiga miltig‘ini so‘rab bordim. Timirbek bilan ish yuzasidan bog‘liqligimiz bor edi. O‘tgan kuz yer haydash mavsumida meshkoplik qilib unga yordam bergandim. U kasal edi, to‘shakda terga botib, og‘ir nafas olib yotardi. Boshimizga tushgan baxtsizlikdan xabardor edi. “Olaver, – dedi Temirbek, – ana, devorda osilgan turibdi. O‘qlari esa yonidagi mixga ilingan sumkada. Sog‘lig‘im joyida bo‘lganida, o‘zim sen bilan borardim, o‘sha yaramaslarni topsam, otib tashlardim!” – deb qo‘shib qo‘ydi.
Temirbekning uyidan qo‘limda qurol va ko‘ksimda ishtiyoq bilan chiqdim.
Butun vujudimni alam va g‘azab hissi qamrab olgandi. Boshqa hech nimani o‘ylaydigan ahvolda emasdim. Alamdan fig‘on chekayotgan qalbimni faqat bir o‘y yoqardi: nima qilib bo‘lsa ham o‘g‘rilarni topish va ayovsiz jazolash kerak. Ana shunday mudhish niyat bilan o‘g‘rilar uzoq ketolmaydigan yo‘lni mo‘ljallab kesib chiqdim. Sigir – ot emas, yugurib ketolmaydi. Boz ustiga, ular faqat tunda harakatlanadi, kunduz kuni yursa, payqab qolishlari mumkin. Demak, ovloqroq biror joyga yashirinishgan. Mabodo molni so‘ygan bo‘lsa, go‘shtini yashirib qo‘yib, qayerdadir uxlab yotishibdi.
O‘g‘rilarning yana bir shubhasiz o‘yi qahrimni qo‘zg‘atardi: kelgindi oilada ularning ketiga tushadigan hech kim yo‘q, deb o‘ylashgan. Va mana, tomdan tarasha tushganday, qo‘limda miltiq bilan paydo bo‘laman, hammasi joyida, nechta o‘zi ular, – ikkita, uchta, – qatorlashtirib otib tashlasammi...
Ha, ha, faqat shunday qilish kerak. Boshqacha bo‘lishi mumkinmas!
Men dala va jar yoqalab yurishni boshladim, savdoyilarcha betoqat bo‘lib, qo‘nimgoh va adirni yugurib aylanib o‘tdim. Havo sovuq edi, biroq buni sezmasdim. Ichki haroratim meni sudrab borardi. Bo‘riday qor yeb yugurdim. Bittayu bitta etigimni asrash uchun yo‘l ham tanlamadim.
Charchoq ham sezmadim, va nihoyat, ukam bilan almashlab kiyadigan arzanda etigimiz yaroqsiz holga kelgan paytda kun yarmidan og‘gan edi, ammo hech qayerdan hech kimni topolmadim.
Bo‘shliq va kimsasizlik umidsizlikkacha borib yetdi. Meni ular orasida jonsiz tog‘lar va bo‘m-bo‘sh fazo o‘rab turardi. Atrofda hech kim, hech bir nishon yo‘q.
Va shunda, aniqroq – yo‘q, hatto shubhasiz! – o‘yladimki, o‘g‘rilar yaqin atrofdagi Jambul shahriga ketishgan. (Keyinroq men u yerda zooveterinariya texnikumida o‘qiganman). Ha, albatta, ular sigirni so‘yish va go‘shtini bozorda sotish uchun o‘sha yerga olib ketishgan.
Bu oddiygina farazdan yonayotgan ko‘ksimdagi yuragim gupillab urib ketdi va o‘ylab ham o‘tirmay, yo‘limni shahar tomon burdim. Agar tun bo‘yi dam olmay yurilsa, u yerga faqat ertalab yetib borish mumkin edi. Va men hech taraddudlanmay, ikkilanmay bu yo‘lni bosishga tayyor edim. Tezda tog‘ etagidan tushib, katta yo‘lga qarab ketdim. Xayolan tasavvur qildim, shaharga yetib borishim bilan, sahardan bozorga kiraman, qiyofalarga razm solib qarayman; ehtimol, shilingan terini tanib qolarman; yo‘q, men shularsiz ham, adashmay, yuz-ko‘zidan tanib olaman ularning kimligini. Men o‘zimga qanday qilib, qaysi yo‘l bilan aniqlay olishimni aytib berolmasdim, ammo jinoyatchilarni adashmay topishimga aslo shubham yo‘q edi. Shuningdek, ular ham meni tanib qolishadi. Lekin kech bo‘ladi, o‘sha yerning o‘zida, peshtaxtaning ortidayoq ularni otib tashlayman...
Miltiqni qo‘ltiqlagancha, qasos olish uchun so‘nmas ishtiyoq boshqaruvida ketib borardim. Mana, katta yo‘lga ham keldim... O‘ylarim bilan ovora bo‘lib ro‘paramdan menga tomon yaqinlashib kelayotgan eshak mingan odamni ko‘rmay qolibman. Oddiygina qishloq qariyasi. Yupun kiyimli, eski telpakli, oppoq soqolli. Egarlangan kul rang eshak tanish ko‘chasidan odatdagiday mayda qadam tashlab yo‘rg‘alardi. Qariya eski xaroba qabriston tomondan kelardi.
Yo‘llarimiz kesishdi. U bilan hatto so‘rashmadim, bunday holatlarda kutilganidek, men salom berishga tayyor emasdim, qalbim g‘azab bilan to‘lib-toshgandi. Yonidan o‘tib ketayotgandim, qariya meni to‘xtatdi:
– Menga qara, yigitcha, kimnidir o‘ldirishga ketmayapsanmi?
– Ha, – deb javob berdim negadir savolidan zarracha ajablanmay, – o‘ldirishni istayman!
Nigohlarimiz to‘qnashdi. Ozg‘in yuz va xotirjam, hamma narsani tushunadigan nigohni ko‘rdim. U ma’qullab bosh silkib qo‘ydi:
– Xo‘p, ishlar shunaqa ekan, shoshma. To‘xta, gaplashib olamiz. Nimaga bunday qarorga kelding?
– Bo‘g‘oz sigirimizni o‘g‘irlashdi. To‘rt bolamiz, men – eng to‘ng‘ichi, onam bilan xolam kasal.
– Buni qara-ya! Yomon bo‘pti... Ammo... Meni eshit. O‘zingda qasos o‘tini alangalatma, odam o‘ldirish haqida o‘ylama, hatto u la’nati o‘g‘ri bo‘lsa ham.
Men jim edim, o‘zimni baqirib yuborishdan arang tutib turardim.
– Seni tushunaman, – shoshilmay davom etdi chol, – sen uchun juda og‘rindim, suyaklarim zirqirab ketdi. Ammo notanish cholga quloq sol. O‘ldirishga borma! Yuragingda buni saqlama.
Uyingga qaytginda, yodingda tut: kimki yomonlik qilsa, hayot o‘zi unga ko‘rsatadi. Albatta shunday bo‘ladi, shubha qilma. Jazo hamisha ularning oyoqlari ostida yuradi, birga yotib, birga turadi. Seni esa hayot siylaydi. Uyga qayt va o‘ldirish haqida o‘ylashni bas qil. Baxting keladi, u yuragingga qanday ko‘chib kirganini bilmay ham qolasan. Hozir aytayotganlarim senga quruq gapday tuyilayapti. Lekin menga ishon va qayt... Bir kun kelib haqligimga ishonch hosil qilasan, eslaysan... Uyingga bor, o‘g‘lim, va hammasini onangga aytib ber, uyingga bor, men esa o‘z yo‘limda davom etaman...
Ketib borayotgan cholga qarab, hamon ikkilanib turardim. U qayrilib qaramadi... Men kimsasiz dalaga o‘zimni urdim, yelkamdagi osig‘liq miltiq endi keraksiz edi. Qorli bo‘shliqlar qoraya boshladi. Menga nima bo‘ldi, bilmayman, birdaniga yig‘lab yubordim. Vujudim yig‘idan zir titrab, yirtilib, tilka-pora bo‘lgan etigim bilan oyog‘imni zo‘rg‘a bosgancha sudrala-sudrala ketdim...
Men bu voqea haqida uzoq-uzoq yillar unutgan edim, faqat yaqindagina hammasini esladim, yo‘ldagi o‘sha notanish qariya va uning so‘zlari xotiramda jonlandi: “Nimaiki yomonlik qilishmasin, hech qachon intiqom haqida o‘ylama, o‘g‘lim”.
Demak, mening ham “hayotdagi ustozlarim” bo‘lgan. O‘z yerimning aziz va pokdomon insonlariga kamtarona ta’zim qilaman! Ular hozir ham mening ruhiy tirgagim. Ehtimol, mohiyat “qaytish”da emas, unutmaslikdadir, hech qanchon, shaxsiy hayotingning hech bir lahzasida – ayniqsa, baxtli, zavqu shavqli, kechirasizu, shuhratli oningda – kimliging va qayerdan ekaningni, seni nima uchun sevishlari noma’lum odamlar oldidagi burchingni unutmaslikda.
Davomi bor
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi