Chilonzordagi ko‘p qavatli uylardan birida yong‘in bo‘ldi
Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi natijasida portlash sodir bo‘ldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Chilonzor tumani yettinchi mavzesida joylashgan 59-uydagi xonadonlardan birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan.
Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun vazirlikning yong‘in-qutqaruv ekipaji darhol voqea joyiga yetib bordi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda, aholi jabrlanmagan. Qurbonlar yo‘q. 17 nafar uyi shikastlangan fuqarolar vaqtinchalik mehmonxonaga joylashtirildi, deyiladi xabarda.
M.Toshqorayeva, O‘zA