Chilonzor mavsumga qanchalik tayyor?
Maʼlumki, Prezidentimizning 2019-yil 30-iyulda “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.
Maʼlumki, Prezidentimizning 2019-yil 30-iyulda “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2019/2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.
Unga muvofiq, turar joylar, ijtimoiy muassasasalar va korxonalarni issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, qozonxona va tarmoqlarni taʼmirlashga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Chilonzor tumani 2019/2020-yillar kuz-qish mavsumiga qay darajada tayyorgarlik koʻrdi? Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish davrida barqaror ishlashini taʼminlashning hozirgi holati qanday?
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ayni masalalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.
Unda mutasaddilar tumanning issiqlik taʼminoti va ichimlik suvi tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi.
Tadbirda bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgan sektor rahbarlari va mutasaddilarning faoliyati tanqid qilindi.
Issiqlik va ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini hamda koʻp qavatli uylarni taʼmirlash ishlarini jadallashtirib, qisqa muddatda yakunlash kerakligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, koʻp qavatli uy-joy fondini mavsumga tayyorlash, taʼmirlash ishlarini sifatli bajarish, shirkatlar faoliyatini samarali tashkil etish hamda aholini issiqlik energiyasi bilan taʼminlash boʻyicha kamchiliklar borligi aytildi.
Tuman vakillarining maʼlum qilishicha, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumi davomida uzluksiz issiqlik energiyasi bilan taʼminlash maqsadida issiqlik tarmoqlarini mukammal va joriy taʼmirlash, izolyatsiya qilish rejalashtirilgan.
Hududdagi ayrim maktab, maktabgacha taʼlim muassasalarida issiqlik tarmogʻi izolyatsiya qoplamasi bilan qoplandi. Koʻp xonadonli uylarning ichki isitish tizimi tekshiruvdan oʻtkazildi.
Shuningdek, koʻp xonadonli uylarning yertoʻla qismida joylashgan issiqlik boʻgʻinlarini taʼmirlash hamda ichki issiqlik tizimini bosim ostida yuvish ishlari amalga oshirildi.
– Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarining quz-qish mavsumiga tayyorlik holatini oʻrganish ikki bosqichda amalga oshirildi, – dedi Chilonzor tumani hokimi oʻrinbosari Kamoliddin Hamroyev. – Joriy yilning may oyida toʻrt kun davomida tumandagi ijtimoiy soha obyetlarining quz-qish mavsumiga tayyorligi uyma-uy yurib oʻrganildi. Muammolar hal etilish darajasiga koʻra, tuman, Toshkent shahri va respublika bosqichidagi masalalarga boʻlib olindi. Shu asosda “Yoʻl xaritasi” tuzilib, unda kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrildi.
Joriy yilning sentyabr oyida oʻn kun davomida ishchi guruh aʼzolari soni koʻpaytirilib, masala qayta oʻrganildi. Bunda tumandagi 69 ming xonadonning 59 mingtasi qamrab olindi. Ishchi guruh aʼzolari uyma-uy yurib, har bir fuqaro bilan uchrashdi, kamchiliklarni qogʻozga tushirdi. Tumandagi 1150 ta koʻp qavatli uydan 315 tasida turli kamchiliklar aniqlandi. Shunga muvofiq, hozirda 29 ta koʻp qavatli uyda joriy, ayrimlarida esa mukammal taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Oʻrganishlar davomida baʼzi maktabgacha taʼlim muassasalarining tom qismida, ayrim maktablarning issiqlik tizimida, xususan, yertoʻlasida muammolar borligi ham maʼlum boʻldi. Joriy yilning 20-oktyabriga qadar shu kabi barcha muammolarni bartaraf etishni rejalashtiryapmiz.