Chillaki – chillakini ko‘rib palak otadi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda davlat xavfsizlik xizmati (DXX)ning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida sog‘liqni saqlash boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i hamda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamshirasi ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik jinoyati – aldov yoki biror shaxsning ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqini qo‘lga kiritish ekanligi qayd etiladi. O‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini yuqorida ko‘rsatilgan ikki usulni qo‘llab, tekin qo‘lga kiritgan, 16 yoshga to‘lgan aqli raso har qanday shaxs firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxs sifatida huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan jinoiy ta’qibga uchrashi mumkin.
Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamshirasi Modagul Nodonqulova (maqoladagi personajlarning ismi-sharifi o‘zgartirildi) eski tanishi fuqaro Xayrigul Berdiyevaning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida ushbu markazga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 900 AQSH dollari talab qiladi.
Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamshirasi Modagul Nodonqulova Xayrigul Berdiyevadan 900 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Chillaki – chillakini ko‘rib palak otibdi deganlaridek, xuddi shunday holat bilan Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i Jaldamqul Aldamqulov fuqaro Maqtanboy Sotqinboyevni shahardagi tibbiyot birlashmalaridan biriga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA