Chexiya Bosh vaziri poytaxtimizdagi Xalqaro til va ko‘nikmalar maktabidagi imkoniyatlar bilan tanishdi
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish mamlakatimizga tashrifining ikkinchi kunini Toshkent shahridagi Xalqaro til va ko‘nikmalar maktabiga borishdan boshladi.

Oliy martabali mehmon O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida zamonaviy ta’lim muassasasida amalga oshirilgan ishlar, yaratilgan shart-sharoit va ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
320 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv korpusidagi zamonaviy auditoriyalar, til laboratoriyalari hamda amaliy mashg‘ulotlar uchun barpo etilgan infratuzilma mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.



Shuningdek, delegatsiya vakillarining talabalar bilan muloqoti tashkil etildi. Suhbatda yoshlar bilim olish jarayoni, kelgusida xorijda mehnat qilish rejalari va xalqaro dasturlarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida fikr almashdi.
Bosh vazir maktabda tahsil olayotgan yoshlarning intilishlarini yuqori baholab, bunday tashabbuslar yoshlar kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Ma’lumki, mazkur Xalqaro til va ko‘nikmalar maktabi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan tashkil etilgan. Muassasa yoshlarni xorijda mehnat qilishga zamonaviy talablar asosida tayyorlashni maqsad qilgan.


Bu yerda Germaniya va Yaponiya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan maxsus dasturlar orqali tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Tashrif chog‘ida O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.


Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashrif nafaqat ta’lim sohasidagi yutuqlar bilan tanishish, balki O‘zbekiston yoshlarining xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
Nosirjon HAYDAROV (foto),
O‘zA