Chevar qizning xaridorgir mahsulotlari
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi Bordonko‘l mahallasida hunarmand qizlar tikayotgan zamonaviy pardalar, kelinlar uchun sarpolar, sovg‘abop buyumlar xaridorlarga manzur bo‘layotir.
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi Bordonko‘l mahallasida hunarmand qizlar tikayotgan zamonaviy pardalar, kelinlar uchun sarpolar, sovg‘abop buyumlar xaridorlarga manzur bo‘layotir.
Tikuvchilik ustaxonasi rahbari Gulnoza Qo‘chqorova tashabbuskor yoshlardan. U bolaligidan liboslar eskizini chizish, qo‘g‘irchoqlarga ko‘ylak tikish, buyumlar yasashni xush ko‘rardi. Bu qiziqish uni shu sohani mukammal o‘rganishga undadi. Ayni vaqtda uning ustaxonasi buyurtmachilar bilan gavjum.
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini himoyalash, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, qizlarning salomatligini mustahkamlash, qiziqish va iste’dodini yuzaga chiqarish, kasb-hunarga yo‘naltirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugun hayotga katta orzu-maqsadlar bilan kirib kelayotgan, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, har tomonlama rag‘batlantirilayotgan yoshlar orasida chevar qiz Gulnoza Qo‘chqorova ham bor. U Mirobod tumanidagi 214-umumta’lim maktabida ta’lim olayotgan davridayoq ko‘plab yutuqlarga erishgan. Jumladan, “Yosh talantlar”, “Siz huquqingizni bilasizmi?”, “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori”, “Zulfiyaxonim qizlari”, “Orasta qizlar” kabi tanlovlarda g‘olib bo‘lgan. Toshkent ixtisoslashtirilgan xotin-qizlar kollejida o‘qib yurgan kezlarida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi sifatida faoliyat yuritgan.
– Davlatimiz rahbarining yoshlar bizning nafaqat ishonchimiz va kelajagimiz, ular bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir, degan so‘zlari menga doimo kuch bag‘ishlaydi, – deydi Gulnoza. – Yoshlarga bildirilayotgan bunday ishonch va yaratilayotgan sharoitlar bizni yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Shu bilan birga, ko‘rsatilayotggan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban Vatanimiz va xalqimizning koriga yaraydigan mutaxassis bo‘lish mas’uliyatini his etib turamiz.
Gulnoza “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan 2014-yilda o‘tkazilgan “Mening biznes g‘oyam” tanlovining mamlakat bosqichida amaliy san’at yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘lib, “Mikrokreditbank”ning Yuqori Chirchiq tumani bo‘limidan imtiyozli kredit oldi. Ushbu mablag‘ evaziga tikuv sexi ochdi. Ayni vaqtda sexda buyurtma asosida kelinlar uchun milliy liboslar, kiyim-kechak tikish yo‘lga qo‘yilgan. Gulnoza besh nafar tengdoshining ham bandligini ta’minladi.
– Tikuvchilik sexida o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishlamoqdaman, – deydi Muhtabar Akramxo‘jayeva. – O‘z tengdoshlarim bilan birga mehnat qilayotganim va yuz xildan ziyod mahsulotlarni tayyorlashda hissam borligidan mamnunman.
Yosh tadbirkor faoliyatini kengaytirish va milliy usulda tikilayotgan mahsulotlarni jahonga keng namoyish etish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish niyatida. U akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlikda ish olib borib, o‘quvchilar uchun o‘quv formalari tikishni rejalashtirmoqda.
Muxtasar aytganda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ravnaq topib, tadbirkorlar safi kengayayotgani ichki bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash va shu asnoda ularning munosib daromad topishi, farovonligining oshishida muhim omil bo‘lmoqda.