Chempionlik uchun kurash davom etmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasi o‘n oltinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasi o‘n oltinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.Turning so‘nggi ikki uchrashuvida durang natija qayd etildi. Chempionat peshqadamlaridan biri – Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi o‘z maydonida Bekobodning “Metallurg” jamoasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuvning 13-daqiqasida bekobodliklar safida to‘p surayotgan Ruslan Vagapov hisobni ochgan bo‘lsa, 35-daqiqada mezbonlar vakili Dilshod Rahmatullayev jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Muborakda kechgan “Mash’al” va “Navbahor” (Namangan) jamoalari o‘rtasidagi bahsda 2:2 hisobi qayd etildi. Mezbonlarning gollariga Abbos Omonov va Humoyun Murtazoyev, “Navbahor” jamoasi gollariga Alisher Mahmudov va Shahboz Erkinov mualliflik qildi.
Turning qolgan uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Sho‘rtan” (G‘uzor) – “Neftchi” (Farg‘ona) 4:1, “So‘g‘diyona” (Jizzax) – “Qizilqum” (Navoiy) 4:1, “Buxoro” (Buxoro) – “Bunyodkor” (Toshkent) 1:2, “Qo‘qon – 1912” (Qo‘qon) – “Dinamo” (Samarqand) 3:1, “Olmaliq” (Olmaliq) – “Paxtakor” (Toshkent) 1:2, “Andijon” (Andijon) – “Nasaf” (Qarshi) 0:1.