Chempionat bahslari qizg‘in
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasining to‘qqizinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasining to‘qqizinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.Turning markaziy o‘yini amaldagi chempion – Toshkentning “Paxtakor” va Farg‘onaning “Neftchi” jamoalari o‘rtasida kechdi. Uchrashuvda “Paxtakor” jamoasi 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Poytaxtliklarga g‘alaba keltirgan gollarga Yegor Krimets va Igor Sergeyev mualliflik qildi.
Qarshining “Nasaf” jamoasi kutilmaganda o‘z maydonida Bekobodning “Metallurg” jamoasiga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ayubxon No‘monovning 5-daqiqada kiritgan goli bekobodliklarga g‘alaba keltirdi.
Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi Muborakning “Mash’al” klubi darvozasiga javobsiz to‘rtta to‘p kiritdi. Uchrashuv boshidanoq hujumkor o‘yin namoyish etgan “Bunyodkor” jamoasi 13-daqiqada Sardor Rashidovning aniq zarbasi evaziga hisobni ochdi. Oradan uch daqiqa o‘tib Temur Ayupov raqib darvozasiga ikkinchi to‘pni kiritgan bo‘lsa, 21-daqiqada Sardor Sobirxo‘jayev uchinchi golga mualliflik qildi. 38-daqiqada Shaker Zuagi uchrashuvdagi so‘nggi to‘pni kiritib, jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shdi.
To‘qqizinchi turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Andijon” (Andijon) – “Navbahor” (Namangan) 3:2, “Qo‘qon-1912” (Qo‘qon) – “Sho‘rtan” (G‘uzor) 2:1, “Dinamo” (Samarqand) – “So‘g‘diyona” (Jizzax) 2:0, “Buxoro” (Buxoro) – “Qizilqum” (Navoiy) 1:2, “Olmaliq” (Olmaliq) – “Lokomotiv” (Toshkent) 2:2.