Chekka hududda 12 ta artezian qudug‘i va zamonaviy suv nasosi o‘rnatiladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Qo‘ng‘irot tumanidagi “Qoraqalpog‘iston” shaharcha fuqarolar yig‘ini aholisi uchun tomorqa yerlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Biroq aholi anchadan buyon tomorqa yerlarini sug‘orishda qiyinchiliklarga duch kelib kelayotgan edi. Nukus shahridan 460 kilometr uzoqlikda joylashgan ushbu hududda suv ta’minoti bilan bog‘liq muammo nafaqat xonadonlarning tomorqadan unumli foydalanishiga, balki aholi bandligi va oilaviy daromadlarini oshirish imkoniyatlariga ham ta’sir ko‘rsatayotgan edi.
Aynan shu masala mahalla aholisi bilan uchrashuvlardan birida ko‘tarildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratova saylovchilar bilan muloqot davomida ularning tomorqa yerlarini sug‘orish uchun artezian qudug‘i qazib berish bo‘yicha amaliy yordam so‘ragan murojaatini diqqat bilan tingladi.

Muammoni faqat eshitish bilan cheklanib qolmasdan, deputatning aholi bilan bevosita muloqot qilish orqali masalaning asl sabablari va yechim yo‘llari o‘rganildi. Shundan so‘ng tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda murojaatni hal etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.
Natijada mazkur masala Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan grant loyihasiga kiritildi. Joriy yilda tomorqa yerlarini sug‘orish uchun artezian qudug‘i qazib berishga 200 million so‘m mablag‘ ajratish tasdiqlandi. Bu esa aholi murojaatining amaliy natija bilan yakunlanganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda ushbu mablag‘lar hisobidan “Qoraqalpog‘iston” shaharcha fuqarolar yig‘ini mahallasi aholisining tomorqadan samarali foydalanishi va bandligini ta’minlashga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Uning doirasida 36 ta xonadon uchun 12 ta artezian qudug‘i qazilib, zamonaviy suv nasosi o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Hozirgi kunda bu boradagi amaliy ishlar jadal davom etmoqda. Bu tashabbusning ahamiyatini faqat suv muammosining hal etilishi bilan cheklab bo‘lmaydi. Chunki tomorqa qishloq aholisi uchun qo‘shimcha daromad, oila farovonligi va bandlik manbai hisoblanadi. Tomorqadan unumli foydalanish uchun zarur sharoit yaratilsa, xonadonlarda turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, oilaviy daromadni oshirish va mehnat bilan bandlikni ta’minlash imkoniyatlari kengayadi.
“Qoraqalpog‘iston” shaharcha fuqarolar yig‘inida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha esa xalq bilan ochiq muloqot va amaliy hamkorlik qanday natija berishining yana bir yorqin namunasidir. Eng chekka hududda yashayotgan aholi uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar xonadonlar farovonligi, bandlik va mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qiladi.
Bugun hudud aholisi uchun artezian qudug‘i va zamonaviy suv nasoslarining o‘rnatilishi oddiy bir infratuzilma loyihasidek ko‘rinishi mumkin. Ammo uning ortida odamlarning kundalik hayoti, mehnati, tomorqasi va oilaviy daromadi mujassam. Shu ma’noda, har bir hal etilgan murojaat inson manfaati yo‘lidagi muhim qadamdir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri