Chegara hududda savdo-logistika markazi qurilmoqda
Ayni kunlarda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida, Tojikiston bilan chegaradagi “Andarxon” nazorat-o‘tkazish punkti yonida “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining savdo-logistika markazi barpo etilmoqda.
Bugungi kunda qo‘shni davlat bilan hududlararo turli sohalarda hamkorlik ko‘lami yanada kengaymoqda. Mazkur markazning tashkil etilishi ham iqtisodiy aloqalarda muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumki, 2023-yilning mart oyida ushbu savdo-logistika markazi poydevoriga ramziy tamal toshi qo‘yilgan edi.

Mazkur savdo-logistika markazi 6 gektar maydonda joylashishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, loyiha qurilishiga 86 milliard so‘m miqdorida mahalliy investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Majmuadan 200 ta savdo do‘koni, mehmonxona, bank, logistika markazi va kafe-restoranlar joy olishi belgilangan. Savdo-logistika markazi ishga tushirilishi natijasida O‘zbekiston hamda Tojikiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning ishlab chiqargan mahsulotlari savdo do‘konlariga joylashtiriladi hamda savdo aloqalariga keng imkoniyatlar yaratiladi. Bu joyda xizmat ko‘rsatish sohasida ming nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bu yerdagi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Markazda tadbirkorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratilishi, infratuzilmasi borasida qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
“Sobirtepa” massivi hududidagi ushbu savdo-logistika markazining qurilishi ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, mintaqaviy ulgurji va chakana savdoni rivojlantirish uchun muhim poydevor bo‘ladi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri