Chegara himoyachilari uchun yangi uylar
Yangi uylarni egalariga topshirish marosimi haqiqiy bayramga aylandi.
Davlatimiz Mustaqilligining 28 yilligi bayrami arafasida Fargʻona viloyati Fargʻona tumanida joylashgan chegaraoldi hududlarida xizmat qilayotgan DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolariga yangi xonadonlar kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
Yangi uylarni egalariga topshirish marosimi haqiqiy bayramga aylandi. Erta tongda yangragan karnay-surnay sadolari barchani shodiyonaga chorladi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan DXX Chegara qoʻshinlarida xizmat burchini oʻtab kelayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
– Bugungi kunda harbiy xizmatchilarga davlatimiz tomonidan berilayotgan etibor bizni yanada sergak va hushyor boʻlishga, Vatanimiz sarhadlarini ishonchli qoʻriqlashga undaydi, – deydi shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi Jalolidin Sodiqov. – Ayniqsa, bugungi kunda ixcham va zamonaviy milliy armiyamiz tashkil topdi. DXX Chegara qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan biz harbiylar uchun barpo etilgan koʻrkam xonadonlar biz uchun haqiqiy bayram sovgʻasi boʻldi.
Milliylik va zamonaviylik uygʻunligida barpo etilgan xonadonlarda yosh oilalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
– Bugun oilamiz uchun eng quvonchli kun, – deydi kichik serjant Jasur Yusupovning turmush oʻrtogʻi Nilufar Yusupova. – Turmush oʻrtogʻimning kamtarona xizmatlari yuqori baholanib, DXX Chegara qoʻshinlari rahbariyati tomonidan bizga uy berildi. Bayram arafasidagi bu tuhfa biz kabi koʻplab harbiy oilalarga bildirilgan ishonchning yorqin namunasi.
Xalqimizning eng ulugʻ, eng aziz ayyomi – Mustaqillik bayramini yosh harbiylar oilalari yangi uylarda nishonlaydi.