Chegara bojxona posti faoliyati yanada yaxshilanadi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan “Olot” chegara bojxona posti o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yanada yaxshilashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi, DXX chegara qo‘shinlari mas’ul xodimlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi, veterinariya hamda o‘simliklar karantini xizmatlari mutaxassislari, Xalq bankining hududiy vakillari va “Bojxona servis” davlat muassasasi xodimlari qatnashdi.

Mazkur o‘quvdan ko‘zlangan asosiy maqsad bojxona organlari tomonidan joriy qilinayotgan yangi interaktiv tizimlar negizida “Olot” chegara bojxona postida davlat nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va post o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga salbiy ta’sir qiluvchi omillarni kamaytirishdan iborat.
O‘quv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, chegara bojxona postlarida nazorat tartibotlarini bajarishda sanitariya-epidemiologiya, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlari faoliyatining samarali va operativ muvofiqlashtirilishini ta’minlash bojxona organlari zimmasiga yuklatilganligidan kelib chiqib, ish faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlar tahlil etildi. Yechimi borasida samarali takliflar muhokama etildi.

Shuningdek, bojxona organlarida joriy etilgan chegara o‘tkazish punktlarida to‘lanishi lozim bo‘lgan yig‘imlarni oldindan avtomatik hisoblash va to‘lash jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha “E-tranzit” AAT dasturining ahamiyati borasida tushuntirishlar berildi.
Ahamiyatlisi bugungi kunga kelib, “E-tranzit” AAT dasturidan nafaqat bojxona organlari, balki karantin va veterinariya xizmatlari ham foydalanishadi. Shuningdek, chegara xizmatini ham ushbu dasturdan foydalanish imkoniyati Bojxona qo‘mitasi va DXX chegara qo‘shinlari tomonidan hamkorlikda ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 1 yanvar kunidan e’tiboran “Olot” postida ham to‘liq “E-tranzit” AAT ishga tushirildi. O‘tgan vaqt mobaynida mazkur dasturning bojxona operatsiyalarini amalga oshirish jarayonida har tomonlama qulayligi isbotini topdi.
Zarif Komilov, O‘zA