Chavandozlarimiz nufuzli turnirda g‘alaba qozondi
Rossiyaning Moskva viloyatidagi «Horseka» ot sporti klubida konkur bo‘yicha «Horseka Derby» va «Horseka cup» musobaqasi o‘tkazilib, unda o‘zbek chavandozlari shohsupaga ko‘tarildi.
Xurshidbek Olimjonov «Horseka Derby» musobaqasida 140 sm. balandlikdagi to‘siqlar osha ot sakratishda masofani 75,86 soniyada xatosiz bosib o‘tib, g‘olib bo‘ldi.

«Horseka cup»ning 3-bosqichida 105 sm. balandlikdagi to‘siqlardan ot sakratishda Boburjon Valijonov kumush medalga sazovor bo‘ldi. U ushbu natijani “Samira” laqabli tulpori bilan qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning «Speed Derby» yo‘nalishida 130 sm. balandlikdagi to‘siqlar osha ot sakratishda Oqiljon Sobirjonov "Los Angeles Z" laqabli oti bilan ikkinchi, Xurshidbek Olimjonov esa “Leyman” nomli oti bilan uchinchi pog‘onadan joy oldi.

Ma’lumot o‘rnida: «Horseka Derby» va «Horseka cup» konkur bahslarida Bahromjon G‘oziyev, Yormuhammad Fozilxo‘jayev, Bekzod Ro‘zimuhammedov, Bekzod Ergashev, Bekzod Qurbonov, A’zam Tolibboyev va Umid Kamolov kabi chavandozlarimiz ham ishtirok etdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA