ChatGPTga hayotingizni ishonasizmi?!
Hozirgi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari, ayniqsa, ChatGPT turli sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Jumladan, tibbiyot sohasida ham foydalanuvchilar tomonidan inson sog‘lig‘iga oid tibbiy ma’lumotlar bilan murojaat qilish keskin ko‘paygan. Bu esa nafaqat yordam bermoqda, kezi kelsa tushunmovchiliklarga ham sabab bo‘lyapti. Ayrimlar uni tezkor axborot manbai va dastlabki yo‘naltiruvchi vosita sifatida ko‘rsa, boshqalar uning tibbiy tavsiyalari noto‘g‘ri talqin qilinsa, xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
Shu sababli, amaliyot jarayonida ChatGPTdan foydalanish bilan bog‘liq real kuzatuvlar va holatlar jamoatchilik e’tiborini tortyapti. Masalaga tibbiy nuqtai nazardan oydinlik kiritish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mini-invaziv bo‘limi onkolog-endojarroh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Anvar To‘ychiyevdan savollarimizga batafsil javob oldik:
– Shu kunga qadar amaliyotimiz davomida sun’iy intellekt, xususan ChatGPT bilan bog‘liq bir qator qiziqarli holatlarga duch keldik. Ayrim bemorlar o‘zlarida kuzatilayotgan simptomlarni yozib, sun’iy intellektdan izoh olishga harakat qilishadi. ChatGPT esa berilgan ma’lumotlar asosida ehtimoliy tibbiy holatlar haqida umumiy tahlil beradi va odatda shifokorga murojaat qilish yoki qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tishni tavsiya qiladi. Ba’zi hollarda aynan shu tavsiyalar orqali bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tib, kasalliklar erta bosqichda aniqlangan holatlar ham kuzatilgan.

Biroq, shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu kabi misollar ChatGPTni shifokor o‘rnini bosuvchi mutlaq diagnostika vositasi sifatida qabul qilish uchun asos bo‘la olmaydi. Sun’iy intellekt tibbiy qaror qabul qiluvchi mutaxassis emas, balki mavjud ma’lumotlar asosida umumiy tushuntirish va yo‘naltiruvchi tavsiyalar beruvchi yordamchi tizim hisoblanadi.
So‘nggi vaqtlarda tibbiyot sohasida sun’iy intellektdan noto‘g‘ri foydalanish holatlari ham uchrab turibdi. Ba’zi foydalanuvchilar tibbiy tavsiyalarni to‘liq tekshirmasdan qabul qilib, o‘z-o‘zini davolashga urinishlari oqibatida noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin. Shu sababli, har qanday sun’iy intellekt tavsiyalarini faqat qo‘shimcha axborot sifatida qabul qilish, asosiy tibbiy qarorlarni esa albatta shifokor bilan maslahatlashgan holda qabul qilish lozim.
Bugungi kunda sun’iy intellekt tibbiyotda yordamchi vosita sifatida qo‘llanmoqda. U ma’lumotlarni tahlil qilish, ehtimoliy yo‘nalishlarni ko‘rsatish va foydalanuvchini tegishli mutaxassisga yo‘naltirishda foydali bo‘lishi mumkin. Lekin har bir inson organizmi individual ekanini hisobga olsak, yakuniy tashxis va davolash faqat shifokor tomonidan belgilanadi.
Shuni aniq aytishimiz mumkinki, sun’iy intellekt tibbiyotda foydali yordamchi vosita bo‘la oladi, biroq u hech qachon shifokorning o‘rnini bosa olmaydi. Eng to‘g‘ri yondashuv uni qo‘shimcha axborot manbai sifatida ishlatish va barcha tibbiy qarorlarni mutaxassis tavsiyasi asosida qabul qilishdir.
Dildora DO‘SMATOVA
yozib oldi.