Chashmai Mirondagi ko‘prik qachon ta’mirlanadi?
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida joylashgan Chashmai Miron mahallasi tog‘li hududda qad rostlagan, tabiati betakror maskanlardan biri hisoblanadi. Bu yerda aholining asosiy daromad manbai chorvachilik va bog‘dorchilikdir.
Hududning tabiiy sharoiti mazkur sohalar rivoji uchun ayni muddao: shirin suv manbalari, salqin va musaffo havo, unumdor tuproq hamda tog‘ yonbag‘irlarida chorva uchun mo‘l ozuqa mavjud. Ayniqsa, Chashmai Mironda yetishtirilayotgan olmalar o‘zining sifat va ta’mi bilan butun respublika bozorlarida xaridorgir mahsulot sifatida tanilgan.
Qishloq markazida qadimiy Chashmai Miron bulog‘i joylashgan. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, buloq suvi olis masofadan sopol quvurlar orqali keltirilgan bo‘lib, yil davomida uzluksiz oqadi. Qish faslida iliq, yozda esa muzdek. Qishloq nomi ham aynan shu buloq bilan bog‘liq.
Ma’lum qilinishicha, buloq atrofi azal-azaldan aholi dam oladigan maskan hisoblangan. Oqsoqollarning ta’kidlashicha, Buxoro amirligi davrida ham amirlar bahor va yoz oylarida ushbu hududda hordiq chiqarishgan.
Qishloq hududidan Kichik O‘ra daryosi oqib o‘tib, uni ikki qismga ajratadi. Daryo ustida o‘tgan asrning 90-yillarida hashar yo‘li bilan barpo etilgan ko‘prik hozirda jiddiy ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Vaqt o‘tishi bilan bu holat aholi uchun tobora ko‘proq noqulaylik va xavf tug‘dirmoqda.
Aholining murojaatlari asosida hududga chiqib, mavjud muammolar joyida o‘rganildi.
– Ko‘prik masalasida necha yillardan beri murojaat qilib kelamiz, ammo natija ko‘rinmayapti, – deydi mahalla faxriylaridan Samad Mustafoyev. – Keyingi yillarda mahallamizda ijobiy o‘zgarishlar ko‘p. Yo‘llarimiz yaxshilanyapti, poliklinika barpo etildi, maktab va bog‘chalar qurildi. Faqat mana shu ko‘prik masalasi hamon xavfliligicha qolmoqda. Avariya holatiga kelib qolgan. O‘tgan yili bir yigit mototsiklda o‘tayotgan paytda tushib ketib, nogiron bo‘lib qoldi.
Metall rama ustiga qalin yog‘ochlar terib chiqilgan bu ko‘prikning ayrim joylarida yog‘ochlar chirib, uvalanib tusha boshlagan. Haqiqatdan ham, ahvol achinarli.
– Ko‘prik qurilganiga 30 yildan oshdi, – deydi mahalliy aholi vakili Nuriddin Odinayev. – Narigi tomondan bolalar maktab va bog‘chaga qatnaydi, shifoxonaga kelib-ketish bor, to‘y-ma’rakalarimiz ham shu yo‘l orqali o‘tadi. Bahorda Kichik O‘ra daryosi to‘lib, katta suv kelganda o‘tish nihoyatda xavfli bo‘ladi. Ustiga-ustak, ko‘prik tepasidan yuqori kuchlanishli elektr liniyasi ham o‘tgan.
Bugun mahallada 3 ming nafardan ziyod aholi, 530 ta xo‘jalik istiqomat qiladi. Ular daryoning ikki tomoniga joylashgan. Kundalik hayot – maktab, bog‘cha, shifoxona, bozor barchasi shu ko‘prikka bog‘liq.
– Chashmai Miron hududdagi markaziy manzillardan biri, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Sayfullo Odinayev. – Qo‘shni Surxondaryo viloyati Boysun tumaniga ham aynan shu ko‘prik orqali o‘tiladi. Daryoning narigi tomonida 150 dan ortiq xo‘jalik bor. Muammo o‘rganilib, tuman mas’ullariga yetkazilgan, ammo hali natija yo‘q. Asosan, mahallamizda o‘zgarishlar ko‘p. Elektr tarmoqlari yangilandi, yo‘llar asfaltlandi, artezian qudug‘i qazildi, beton lotoklar o‘rnatildi. Lekin ko‘prik masalasi hamon og‘riqli. Tog‘ oldi hudud bo‘lgani uchun yog‘ingarchilik ko‘p, bunday paytlarda hatto tez yordam mashinasi o‘tishga qiynaladi.
[gallery-27194]
Masala yuzasidan tuman mas’ullaridan izoh oldik.
– Chashmai Miron mahallasida Kichik O‘ra daryosi ustidagi ko‘prik bilan bog‘liq muammo bizga yaxshi ma’lum, aholining e’tirozi o‘rinli, – deydi Dehqonobod tumani obodonlashtirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Farhod Choriyev. – Ushbu ob’ekt joriy yilgi dasturga kiritilgan. O‘tgan yili tumanda 40 dan ortiq ko‘prik ta’mirlandi. Joriy yilda esa Boshchorbog‘, Chilgaz va Chashmai Miron mahallalaridagi ko‘priklarni ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu borada tegishli ishlar bajarilishiga kafolat beramiz.
Aholi vakillari mahalladagi ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etgan holda, ko‘prik muammosi yillar davomida ularni qiynab kelayotganini yashirmaydi. Ular zamon talablariga mos, xavfsiz va mustahkam ko‘prik qurilishi uchun davlat tomonidan yetarli mablag‘ ajratilishiga umid bog‘lamoqda. Chunki bu masala faqat qulaylik emas, balki inson hayoti va xavfsizligi bilan bog‘liqdir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari