“Charm to‘p” sovrini farg‘onaliklarga nasib etdi
Namanganda davom etayotgan umumta’lim maktablarining o‘quvchilari hamda mahalla yoshlari o‘rtasida an’anaviy «Charm to‘p» futbol musobaqasining 14-16 yoshli bolalar ishtirokidagi Respublika bosqichi yakunlandi.
Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan saralangan 14 ta havaskor jamoa to‘rtta guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.
[gallery-4809]
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini rivojlantirish, xususan millionlar o‘yini futbolning ommaviyligini oshirishga qaratilgan turnir yurtimizning turli hududlaridagi yosh iste’dod egalarini kashf qilish va saralash, turli yosh toifasidagi terma jamoalar zaxirasiga olishda ko‘mak vazifasini o‘tadi.
Musobaqaning hal qiluvchi uchrashuvi - finalda Toshkent shahri jamoasini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan Farg‘ona viloyati o‘smirlari g‘olib sifatida e’tirof etilib, ko‘chma kubokni qo‘lga kiritdi. Faxrli uchinchi o‘rin esa andijonlik yosh futbolchilarga nasib qildi.
“Charm to‘p” an’anaviy futbol musobaqasining g‘oliblari medallar, diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA