Charm sanoati tarmoqlari yanada rivojlanadi
Prezidentimiz joriy yil 24 yanvar kuni charm-poyabzal sanoatidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda hali bu tarmoqda ishga solinmagan imkoniyatlar juda ko‘pligi, ayrim muammolar ishlab chiqaruvchilarga qiyinchilik tug‘dirayotgani ta’kidlangan edi.
Qayd etilganidek, Toshkent viloyatida 500 ming dona mayda shoxli chorva terisi umuman qayta ishlanmaydi. Ko‘p kushxonalar aholidan uzoqda joylashgani, mahallalar bilan bog‘lanmagani sababli kam quvvatda ishlamoqda. Yig‘ilishda shu kabi muammolarni hal etib, sohani tizimli rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Avvalo, mahallalarda chorva mollarini so‘yish va terini yig‘ib olish bo‘yicha kichik mobil xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, buning uchun imtiyozli kreditlar ajratish zarurligi aytildi.
Xo‘sh, aslida mazkur sohadagi imkoniyatlari qanday? bugungi kunda chorvachilik xo‘jaliklari, ishlab chiqaruvchi tarmoqlar qay tarzda ish olib boryapti? Shu kabi savollar bo‘yicha hudud imkoniyatlari va amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib chiqamiz. Viloyatda 75 ta charm sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar mavjud. Shundan tayyor poyabzal ishlab chiqaruvchi 53 ta, terini qayta ishlovchi korxonalar 14 ta va 9 ta boshqa turdagi charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar hisoblanadi.

Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda 618 milliard so‘mlik charm mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Shundan tayyor mahsulot ulushi 69 foizni, qayta ishlash darajasi 190 foizni tashkil etadi. Shuningdek, 62 million dollarlik mahsulotlar eksportga yo‘naltirilgan. Hozir Zangiota, Toshkent, Bo‘ka va Qibray tumanlarida 13 ta zamonaviy so‘yish korxonalari faoliyat yurityapti. O‘tgan yili viloyatda 47 ming 701 ta yirik shoxli, 20 ming 870 ta mayda shoxli hayvonlar so‘yishga keltirilgan bo‘lib, terilari 100 foiz qayta ishlash uchun yig‘ilgan. Prezidentimizning topshirig‘iga ko‘ra, joriy yilda charm sanoati bo‘yicha faoliyat yuritayotgan korxonalar tomonidan 759 milliard so‘mlik (o‘sish 136 foiz) mahsulotlar va tayyor mahsulotlar ulushini 75 foizga yetkazish (hozir 69 foiz), 70 million dollarlik mahsulotlar eksportga qilinadi. Joylarda 52 million dollarlik 26 ta investitsiya loyihalari ishga tushiriladi.
Xususan, Ohangaron tumanida "Tezkor agro mahsulot“ MCHJ tomonidan loyiha qiymati 118,6 milliard so‘mlik tayyor charm-poyabzal ishlab chiqarishni tashkil etish, ”Teri charmsanoat" MCHJ korxonasi tomonidan loyiha qiymati 110,3 milliard so‘mlik tayyor charm, mebel charm ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, charm-sanoati tarmoqlarini yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida Ohangaron tumani «Ubayd» MFY hududidagi 40 gektar va Nurafshon shahar «Dagantepa» MFYning 20 gektar yer maydonlarida qiymati 43 million dollarlik 35 ta loyihalardan iborat yangi 2 ta kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Mazkur sa’y-harakatlar tufayli 2026 yilda charm sanoati yo‘nalishdagi korxonalar tomonidan 4 trillion 317 milliard so‘m mahsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Shundan tayyor mahsulotlar ulushi 81 foizni tashkil etilishi belgilangan. Shu bilan birga, qiymati 64 million dollarlik 36 ta investitsiya loyihalari ishga tushirish va qiymati 210 million dollarlik mahsulotlar eksportga chiqarilishi kutilyapti.

– Prezidentimizning videoselektorda bergan topshiriqlardan kelib chiqib, Toshkent viloyati mahallalarida xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish uchun yirik va mayda shoxli hayvonlarni so‘yishni yangicha texnologiyalar (so‘yish, terisidan sifatli foydalanish) asosida yo‘lga qo‘yish maqsadida 5 ta mahalla tanlab olindi. – deydi viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nurbek Rajabov. – Xususan, gastronomik turizm rivojlangan Parkent tumanining Ulug‘bek, Chinor, Hurriyat hamda Chashma mahallalaridagi xonadon va ko‘cha yoqalarida oshxona va choyxonalar juda ko‘p tashkil etilgan bo‘lib, yil davomida 5-6 mingtaga yaqin mayda shoxli hayvonlar so‘yiladi. Bo‘ka tumanining «Quldoshtepa» MFYda mahalliy aholi va sayyohlar dam olishi uchun ko‘plab choyxonalar mavjud. Shu sababli yil davomida 2 ming 500 va 3 mingtagacha yirik va mayda shoxli hayvonlar so‘yiladi. So‘nggi yillarda mazkur hududlarda ichki turizm rivojlanib, sayyohlar kelishi ortib boryapti.Shuni e’tiborga olib, mazkur mahallalarda yirik va mayda shoxli hayvonlarni sifatli so‘yish va terisidan oqilona foydalanish choralari ko‘riladi.
Joylarda xizmat ko‘rsatuvchi kichik ixtisoslashtirilgan korxonalar ishga tushirilib, yirik va mayda shoxli hayvonlar terisini qayta ishlanadi. Charm-sanoat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.
A.Musayev,O‘zA.