Charm mahsulotlari eksporti kengayadi
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi tomonidan charm-poyabzal tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi tomonidan charm-poyabzal tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.Mamlakatimizda teri xomashyosini tayyorlash va uni qayta ishlash, raqobatbardosh poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarishni takomillashtirish, soha korxonalariga investitsiyalarni keng jalb qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, korxonalarni texnik qayta jihozlash va modernizatsiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2000-yil 23-fevraldagi “Respublika iqtisodiyotining charm-poyabzal tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi tomonidan bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Sohadagi izchil islohotlar natijasida ishlab chiqarish hajmi oshmoqda, – deydi uyushma boshqaruvi raisining o‘rinbosari Sh.Sheraliyev. – Xususan, 2015-yilning birinchi choragida o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 118 foizni tashkil etib, 90 milliard so‘mlik sanoat mahsuloti, 29 milliard so‘mlik xalq iste’moli mollari ishlab chiqarildi.
Aholining sifatli charm-poyabzal mahsulotlariga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, tarmoq korxonalarida import o‘rnini bosadigan tovarlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda 60 turdagi charm-attorlik buyumi va 150 turdagi poyabzal ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Eksportda xomashyo hajmi qisqarib, tayyor mahsulotlar ulushi ortib borayotir. O‘tgan yili Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Turkiya, Rossiya va Qozog‘istonga 79,8 million dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lib, uning salmoqli qismini poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari tashkil etgan.
2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni rivojlantirish, korxonalarga chet el investorlarini jalb qilish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanish, yangi korxonalar tashkil etishga qaratilgan hududiy dastur ishlab chiqildi. Dasturda 62 loyihani amalga oshirish belgilangan bo‘lib, shuning 32 tasi bo‘yicha yangi korxona tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Namangan viloyatida yiliga 400 ming juft poyabzal, Farg‘ona viloyatida 1,4 milliard so‘mlik charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonalarni ishga tushirish mo‘ljallangan. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi yiliga 200 ming dollarlik tayyor mahsulotni xorijga eksport qilish imkonini beradi.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.