Chang bo‘ronidan qanday himoyalanish mumkin?
Mutaxassis fikri
Mamlakatimizning ko‘pgina hududlarida kechadan buyon hech kuzatilmagan holat – chang bo‘roni davom etmoqda. Bu holat ko‘pchilikni hayratga solmoqda, tushkunlikka tushirmoqda.
Bunday sharoitda har qanday sog‘lom odam ham o‘zini noqulay his qiladi, nafas olishga qiynaladi. Ayniqsa, surunkali nafas yo‘llari xastaliklari mavjud bo‘lgan bemorlar changli bo‘rondan ko‘proq aziyat chekadi.
Xo‘sh, bunday holatda qanday choralar ko‘rish lozim, changli havoning salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida qanday tavsiyalar beriladi?
Bu borada Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori o‘rinbosari Nargiza Aydarova quyidagilarni ta’kidladi:
— Changli bo‘ron bizning hududimizda kam kuzatiladigan holat. Afsuski, kechadan buyon bunday noqulay havo sodir bo‘lib, ko‘pchilikda vahima uyg‘otmoqda, salomatligimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois derazalarni zichlab yopish, zarurat bo‘lmasa, tashqariga chiqmaslik lozim. Uy havosini namlantirib, yuzalardagi changlarni tez-tez artib, tozalab turish, xonaga idishlarda suv qo‘yish zarur. ko‘p-ko‘p suyuqlik ichish kerak. Odatda bahor va kuz faslida allergik kaalliklar avj olishi, xuruj qilishi kuzatiladi. Allergik kasalliklarga chalingan bemorlarda bu changli havo yanada salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Albatta, shuning uchun bunday bemorlar o‘zining davolovchi shifokorlari yoki oilaviy shifokorlari bilan telefon orqali maslahatlashishlari lozim. Tavsiya qilingan dori-darmonlarini o‘z vaqtida olishlari kerak. Zarur bo‘lmagan holatda ko‘chaga chiqmasliklarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Ishga, o‘qishga chiqadigan fuqarolar esa, albatta, tibbiy niqobda chiqishlari zarur.
Bunday noqulay havo sog‘lom odamlarga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Insonda himoya reflekslari bor. Ya’ni, noqulay havo sharoitida yoki tashqi muhitdan yot modda nafas yo‘llariga tushganda, aksirish, yo‘talish yuzaga keladi. Ular ham ko‘chaga chiqishda niqobda chiqishlari, ko‘z shilliq qavatlarini himoya qilish maqsadida himoya ko‘zoynaklarini taqishlarini malahat beramiz.
Uyda o‘tirgan bolalarimiz, ayni ta’til payti o‘quvchilarimiz, otaxon-onaxonlarimiz ham tez-tez suyuqlik, sharbat, kompotlar, damlamalar ichishlari lozim. Yana bir narsa — nimtatir qilib tuzli eritma tayyorlab og‘iz va burunlarni chayib turish tavsiya qilinadi. Dorixonalarda ham tayyor dori voitalari ham borki, ular changil to‘zonli havoda nafas yo‘llarini tozalab turishga yordam beradi, sog‘ligimizga katta ziyon yetishining oldini oladi.
Surunkali nafas yo‘llari kasalliklari bilan kasallangan bemorlar, astmatiklarning bronxlar sezuvchan bo‘ladi. Shu bois, avvalo, uyda o‘tirish, uy havosining namlik darajasini oshirish uchun isitish moslamalari oldiga suvlarni qo‘yib qo‘yish, nam lattalarni derazalar oldiga qo‘yib qo‘yish lozim. Bundan tashqari, niqob taqishda ham oddiy niqob emas, respiratorlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Chunki oddiy niqobda ochiq joylari bor. Respiratorlarning esa tepasida temir qismi mavjud bo‘lib, u burun qismini qattiq, zich ushlab turadi va har xil moddalar kirishidan saqlaydi. 95-98 foizgacha mikroblar, mayda changlarni kiritmaydi.
Oziq-ovqat iste’molida nimalarga e’tibor berish lozim?
Bunday sharoitda gipoallergen parhezlarni tavsiya qilamiz. Toza tabiiy asal, turli propolis saqlovchi oziq-ovqat mahsulotlari, yong‘oq, tomoqni qichitadigan mahsulotlar, shokalad, turli sitrus mevalar, ziravolar, turli konservantlar, bo‘yoqlar saqlovchi ichimliklarni iste’mol qilmaslik lozim. Chunki allergik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar parhezga amal qilishmasa, salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ijtimoiy ob’ektlarda, kasalxonalarda, ofis va maktabgacha ta’lim muassasalarida, xonadonlarda havoni namlantiruvchi moslamalardan foydalanish ham foydali. Bunday moslamalar nisbatan havodagi zararli moddalarni kamaytirib, havoni namlantirib beradi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA