"Challenge Samarkand-2024"da norvegiyaliklarning qo‘li baland keldi
Xabar berganimizdek, bugun Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida triatlon bo‘yicha "Challenge Samarkand-2024" musobaqasining asosiy bahslari o‘tkazildi.
1,9 kilometr suzish, 86 kilometr velopoyga, 21,5 kilometr yugurish bahslaridan iborat bellashuvda professional sportchilar, havaskorlar va jamoaviy estafeta yo‘nalishlarida ishtirokchilar o‘zaro bellashdi.
Musobaqaning professional sportchilar bahsida erkaklar o‘rtasida norvegiyalik sportchi Kristian Blummenfelt birinchi bo‘lib marra chizig‘ini kesib o‘tdi. Ikkinchi o‘rinni yana bir norvegiyalik sportchi Gustav Iden qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin germaniyalik sportchi Riko Bogenga nasib etdi.
– Musobaqadan oldin jismoniy tayyorgarlik borasida biroz muammolarga duch kelganligim bois, raqiblarimdan, xususan, germaniyalik yosh sportchi Riko Bogendan cho‘chigandim, – deydi musobaqa g‘olibi Kristian Blummenfelt. – Buni yugurish bahslarining dastlabki bosqichigacha Riko amalda ham isbotladi. Ammo yakunda o‘zimda kuch topa oldim va musobaqani ijobiy natija bilan yakunladim. "Challenge Samarkand-2024" juda yuqori darajada tashkil etilgan. Ayniqsa, velopoyga yo‘nalishi juda ham ajoyib. Qadimiy Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalar bo‘ylab harakatlanish kishiga zavq beradi. Dastlabki intervyularimda ham ta’kidlaganimdek, ushbu musobaqa menga unutilmas xotiralar taqdim etdi va yakuniy natija ham shunga munosib bo‘ldi.
[gallery-19154]
Ayollar o‘rtasida ham g‘oliblikni norvegiyalik sportchi Laura Madsen qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni polshalik Marta Lagovnik egallagan bo‘lsa, uchinchi bo‘lib fransiyalik Justin Guerard marra chizig‘ini kesib o‘tdi.
Ushbu musobaqaning havaskorlar hamda jamoaviy estafeta bahslarida ham g‘oliblar aniqlandi.
Musobaqaning havaskorlar bahsining erkaklar o‘rtasidagi g‘oliblik hamyurtimiz Andrey Sharipovga nasib etgan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni neytral bayroq ostida ishtirok etgan Semyon Pivovarov hamda Ilya Slepov qo‘lga kiritdi.
Jamoaviy estafeta bahsida erkaklar o‘rtasida birinchi o‘rinni “Ozone FC” jamoasi, ikkinchi o‘rinni “Team INVESTCIP” jamoasi va uchinchi o‘rinni “Building lights” jamoasi qo‘lga kiritdi. Ayollar bahsida esa birinchi o‘rin “Pyhteam5” jamoasiga, ikkinchi o‘rin “TriCotelettes” jamoasiga, uchinchi o‘rin “Wild Lioness of Tashkent” jamoasiga nasib etdi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari