Byudjet kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilmoqda
Parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar "Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbusiga asosan sud amaliyotida vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish hamda qonunchilikni takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasi bilan "Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli o‘zgartishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda. Ma’lumki, sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga 2021 yil 12 yanvardagi qonunlar bilan tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan edi.

Ushbu qonunlarda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazish va boshqa shu kabi masalalar nazarda tutilgan.
Mazkur qonun loyihasi bilan "Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 24-moddalaridagi "Tuman (shahar) sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha" degan so‘zlar "Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi" degan so‘zlar bilan almashtirilmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, 29-moddada Moliya vazirligining vazifalari byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar hamda davlat maqsadli jamg‘armalarida ichki audit faoliyatini uslubiy ta’minlash va muvofiqlashtirish sohasida to‘ldirilayotgan bo‘lsa, byudjet ochiqligini ta’minlash maqsadida 1661-moddada tumanlar va shaharlar hokimliklari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirishlari ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi nomi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga o‘zgartirilmoqda. Hisobot yili yakuni bo‘yicha jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning bajarilishini davlat moliyaviy nazoratidan o‘tkazish mazkur nazorat inspeksiyasi vazifalari sifatida belgilanyapti.
Muhtarama Komilova,
O‘zA